Jurnalimiz sahifalarida ilk marta – paxtachilik sohasida tobora ommalashib borayotgan va dunyoda 3 milliondan ziyod fermer foydalanayotgan – Better Cotton dasturi taqdim etilmoqda. Fermerlar bilan ishlashga yondashuv xususiyatlari, ushbu ishlarni O‘zbekistonda amalga oshirish tamoyillari va natijalari haqida Better Cotton bosh ijrochi direktori Alan MAKKLEY muxbirimizga so‘zlab berdi.
– Janob Alan, avvalo bu dastur va uning maqsadlari haqida o‘quvchilarimizga yanada batafsil ma’lumot bersangiz. O‘zbekistonda dasturni amalga oshirish milliy paxta sanoati rivojiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
– Better Cotton – paxtachilikni barqaror rivojlantirish bo‘yicha dunyoda eng yirik tashabbus bo‘lib, unda 2,9 mln. litsenziyalangan fermer ishtirok etadi. Better Cotton standartlari tizimini joriy etarkanmiz, biz fermerlar va qishloq xo‘jalik xodimlarini yanada ekologik toza paxta yetishtirish borasida qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekistonda dasturimizni 2022 yilda ishga tushirdik va bu yerdagi soni o‘sib borayotgan yirik fermerlar bilan ishlayapmiz. Ular dasturning mahalliy hamkorlari orqali Better Cotton tomonidan taqdim etilayotgan o‘qitish va zaxiralardan naf ko‘rishmoqda.
Better Cotton dasturi qo‘llayotgan yondashuv O‘zbekiston uchun yangi emas. 2017 yildan e’tiboran Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) va Germaniya xalqaro taraqqiyot agentligi (GIZ) bosh bo‘lgan loyihalarda O‘zbekiston paxta sanoatida qishloq xo‘jaligini barqaror yuritish usul va standartlari hamda munosib mehnatni targ‘ib etish maqsadida Better Cotton tamoyillaridan foydalanmoqda. Bu loyihalar yordamida paxtakorlar hosil va yerni himoyalash, suv va boshqa zaxiralardan samarali foydalanish uchun Better Cotton tamoyillarini o‘rganish hisobiga sezilarli yutuqlarga erishdilar. Xususan, 3000 dan ziyod fermer, agronom, irrigator, brigadirlar va paxta klasterining boshqa xodimlari O‘zbekistonda 2017-2022 yillar davomida paxtani yanada barqaror yetishtirish borasida o‘z imkoniyatlarini kengaytirdilar. Dastur bu yil ham o‘z ishini davom ettiradi.
– Endilikda, ushbu dastur O‘zbekistonda amalga oshirilayotganiga bir yil bo‘lgandan so‘ng milliy paxta sanoati muvaffaqiyatlarga erishdi, deb aytish mumkinmi?
– O‘zbekiston paxta sanoatiga ta’sirimiz haqida gapirishga hali erta – biz dasturni o‘tgan yili ishga tushirdik. Shunga qaramay, paxta ekadigan yetakchi davlatlarda o‘n yildan ortiq ish tajribamiz bor, ular dasturimiz doirasida paxta yetishtiruvchi fermerlar uchun sezilarli afzalliklarni namoyish etadi.
Masalan, 2020/21 yillar paxta mavsumi davomida Hindiston, Pokiston, Turkiya va Tojikiston fermerlari suv va sun’iy pestitsidlardan foydalanishni qisqartirib, dasturimiz yordamisiz paxta yetishtiruvchi oddiy fermerlardan ko‘proq hosil olishdi. Yaqinda Better Cotton Farmer dasturining 2023 yilda Hindistonga ta’siri bo‘yicha Hisobot e’lon qilinib, bu mamlakatning paxta sanoatida har yili yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni baholash maqsadida, 2014/15 yillar mavsumidan 2021/22 yillar mavsumiga qadar mazkur dasturni rivojlantirishga doir iqtisodiy ko‘rsatkichlar taqdim etildi. Ushbu Hisobotda fermerlar pestitsidlar va yer-suv zaxiralaridan foydalanishni sezilarli qisqartirish orqali katta hosildorlikka va paxta xomashyosining oliy sifatiga erishishganiga oid misollar batafsil bayon qilingan, shuningdek, ularning turmush sifati va farovonligi oshgani, gender tenglikka erishilgani haqida dalolat beradigan natijalar aks ettirilgan.
Ishonchim komilki, O‘zbekiston Better Cotton dasturidan foydalanib, xuddi shu ishtirokchi mamlakatlar singari ham paxtachilikni rivojlantirish, ham paxta klasterining barcha qatnashchilari turmush darajasini oshirishda katta muvaffaqiyatlarga erishishadi.
– Iqtisodiyot va logistikaning hozirgi holatini hisobga olganda, ham O‘zbekistonda, ham dunyoda paxta yetkazib berish zanjiri qanchalik murakkab?
– Paxta yetkazib berish zanjiri juda murakkab. Dunyo bo‘ylab turli manfaatdor tomonlarning maxsus ko‘nikmalari paxtani tayyor mahsulotga aylantirish borasida muhim ahamiyat kasb etadi. Hammasi paxta yetishtiruvchi fermerlardan boshlanadi, ularning barqaror faoliyati keyingi bosqich – paxta tolasidan tayyorlangan kiyim-kechak va boshqa to‘qimachilik mahsulotlari nufuziga katta ta’sir ko‘rsatadi. Ular moda sanoatining ajralmas qismi ekanligi sababli biz fermerlar darajasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy yaxshilanishlarning yuqori darajasini saqlab turishga yordam berayapmiz. Better Cotton paxta yetishtiruvchi bir necha ming fermerlarni birlashtirgan tarmoqdan shunday xalqaro tashabbusga aylandiki, uning doirasida 2020/21 yillar paxta mavsumida 26 mamlakatdagi 2,9 milliondan ortiq fermerlar o‘qitildi. Biz dastur bo‘yicha hamkorlarni birlashtirgan tarmog‘imiz orqali mamlakat darajasida standartni joriy etmoqdamiz, ular o‘qitish va zaxiralarni samarali taqsimlashga yordam berishmoqda. Bundan tashqari, biz fermer hamjamiyatlariga raqobatga muvaffaqiyatli dosh berish va rivojlanishga, shu asnoda atrof-muhitni muhofaza qilish va tiklashga ko‘mak ko‘rsatmoqdamiz.
Dasturimiz O‘zbekistonga ishga tushirilgan ayni bir vaqtda Xalqaro mehnat tashkiloti mamlakat paxta sanoatida tizimli bolalar va majburiy mehnatga chek qo‘yilgani haqida e’lon qildi. Biz salohiyatni mustahkamlash dasturi, shuningdek, munosib mehnatning kuchaytirilgan monitoringini o‘z ichiga olgan to‘liq ta’minot dasturini amalga oshirib, bu yerda ikki yildan beri ishlamoqdamiz. Xususan, to‘liq ta’minot dasturi doirasida harakatning to‘liq tsiklini joriy etayapmiz, bu tsikl litsenziyalangan paxta fermalaridan boshlab, paxta segregatsiyasiga va uni butun yetkazib berish zanjiri bo‘ylab keyingi kuzatishga qadar davom etadi. Monitoring natijalari va mahsulot yetkazib berishning shaffof zanjiri yetakchi chakana sotuvchilar va brendlar uchun birlamchi ahamiyat kasb etadi, Better Cotton esa ularning maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash borasida yaxshi imkoniyatlarga ega.
– Hozirgi vaqtda, Better Cotton dasturini joriy etish sharofati bilan «Eng yaxshi paxta» iborasi paydo bo‘lib, keng qo‘llanmoqda. Bu tashabbusning jahon paxta sanoatida, xususan, O‘zbekistonda tutgan o‘rni qanday?
– Better Cotton – dunyoda paxtachilikni barqaror rivojlantirishga qaratilgan eng yirik tashabbus bo‘lib, jahon bo‘yicha ishlab chiqarish hajmlarining 20 foizdan ortig‘i uning ulushiga to‘g‘ri keladi. A’zolarimiz qatorida 32 mamlakatning 300 dan ortiq chakana sotuvchilari va brendlari bo‘lib, 2022 yilda ular 2,6 mln. tonna Better Cotton paxtasini yetishtirishdi. Biz bunday ko‘lamga nisbatan qisqa muddatda erishdik, chunki jug‘rofiyadan qat’i nazar qishloq xo‘jaligini yuritishning yanada barqaror usullarini joriy etish mas’uliyatini zimmamizga oldik.
Better Cotton – bizning ta’rifimizga ko‘ra – doimiy takomillashtirishga intilmoqda, endilikda, bu sohada shunchalik katta hududlarni qamrab olganimizdan va ijobiy natijalarga erishganimizdan so‘ng, biz diqqatimizni o‘sishdan xizmatlarimizdan foydalanadigan mamlakat va hamjamiyatlarda ta’sirimizni chuqurlashtirishga qaratmoqdamiz. Butun sohada ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy takomillashuvlarni joriy etish bizning vazifamiz uchun katta ahamiyatga ega, chunki pestitsidlardan foydalanishni qisqartirish, yerni tiklash, ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, barqaror daromad manbalarini oshirish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha belgilagan maqsadlarimizga amal qilayapmiz.
Xususan, O‘zbekiston dunyoda paxta yetishtirish bo‘yicha oltinchi o‘rinda turadi, shuning barobarida, jahon paxta bozorida hissasini oshirish borasida yuksak salohiyatga ega. Yaqin yillarda biz bu salohiyatni imkon qadar oshirishga va ayni vaqtda bevosita mamlakatingiz paxta ishlab chiqaruvchilariga foyda keltirishga harakat qilamiz.
– O‘quvchilarimizni Better Cotton dasturining kelgusi rejalari qiziqtiradi. Shu xususda so‘zlasangiz…
– Bu yili, Toshkent to‘qimachilik haftasini o‘tkazish vaqtida Better Cotton mamlakat paxtachilik sohasini yanada yaxshilash uchun O‘zbekistondagi muhim manfaatdor taraflar bilan Barqaror rivojlanish yo‘l xaritasini imzoladi.
Yo‘l xaritasi shunday harakatlar rejasidan iboratki, uning yordamida quyidagi to‘rt ustuvor vazifaga muvofiq faoliyat o‘sishi baholanadi:
● samarali boshqaruv tizimlarini yaratish;
● mehnat huquqlarini rag‘batlantirish;
● ilg‘or tajriba haqida xabardorlik darajasini oshirish bo‘yicha samarali kampaniyalardan foydalanish;
● mamlakat miqyosida dasturni boshqarish, moliyalashtirish va amalga oshirishni qamrab olgan yalpi uch yillik strategiyani yaratish.
Biz manfaatdor taraflar o‘z o‘rnida – O‘zbekiston Respublikasi Senati, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, boshqa ko‘pgina tuzilmalar qo‘llab-quvvatlashidan ilhomlanib, ular yordamida mamlakatingizda ishlarimizni yanada jadallashtirishga tayyormiz.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




