Bugun poytaxtimizdagi “Anhor” istirohat bog‘ida “UzTextile Expo 2022″ – To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbir ochilishida O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisi Ilhom Haydarov, Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabxat va boshqalar ushbu ko‘rgazma to‘qimachilik, tikuv-trikotaj va ularni ishlab chiqarish namunalari bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yurtimizda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati jadal rivojlanib bormoqda. Bunda davlatimiz tomonidan aynan shu soha ravnaqi yo‘lida yaratilayotgan imkoniyatlar muhim omil bo‘layotganini alohida ta’kidlash lozim. Natijada mahalliy korxonalar nafaqat ichki bozorda, balki tashqi bozorda ham o‘z o‘rnini egallamoqda. Ular 2021 yilda 1 ming 250 ta korxona qiymati 3 milliard dollardan ortiq mahsulot eksport qilgan bo‘lsa, respublikamiz shu yili GSP+ imtiyozli dasturining benefitsiari maqomini qo‘lga kiritdi. Bu imkoniyat esa to‘qimachilik mahsulotlarini Buyuk Britaniya va boshqa Yevropa bozorlariga eksport qilish bo‘yicha qator imtiyozlarga ega bo‘lganidan dalolatdir.
– “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi davlat tashkilotlari rasmiy ko‘magida turli sohalar bo‘yicha ko‘rgazmalar tashkil etmoqda, – dedi “Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi menejeri Nodira Hayitboyeva. – Kompaniya bu gal “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan hamkorlikda To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati xalqaro ko‘rgazmasini tashkil etdi. Uning haftalik doirasida o‘tkazilishi yanada ahamiyatli. Negaki, 26 aprel kuni «Hilton» mehmonxonasida O‘zbekiston to‘qimachilik xalqaro anjumani ishbilarmon doira vakillari uchun katta muloqot maydoni bo‘ldi. Ko‘rgazmada 9 davlatdan 120 dan ortiq kopmaniya ishtirok etayotgan bo‘lsa, ularning 90 tasi mahalliy korxonadir. Shuningdek, 40 foiz mahalliy korxonalar ilk bor ishtirokchi sifatida mahsulotlarini taqdim etmoqda. Bu nimadan dalolat beradi? Albatta, bu sohaga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan e’tibor natijasi deyish mumkin.
Mahalliy korxonalar tomonidan o‘zbek paxtasidan tayyorlangan kalava ip, gazlamalar, trikotaj matolar, noto‘qima materiallar, gilam qoplamalar, erkaklar, ayollar va bolalar kiyimi kabi to‘qimachilik mahsulotlari taqdim etilyapti.
– Korxonamizda kalava ipdan trikotaj mato to‘qib, bo‘yab va tayyor mahsulot ishlab chiqariladi, – dedi “Avilon Qo‘qon” MCHJ menejeri Kamoliddin Qurbonov. – Bir oyda 300 tonna xom trikotaj mato tayyorlanadi. Tikuvchilik bo‘limida erkaklar, ayollar va bolalar kiyimlari tikiladi. Mahsulotlar Rossiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi davlatlarga eksport qilinadi. O‘tgan yili 4,5 million dollar miqdorida mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilgi reja 6 million dollardir.
Ko‘rgazmaning xorijiy qatnashuvchilariga kelsak, ular mini va jamoaviy stendlar bilan qatnashmoqda. Turkiya, Belarus, Hindiston, Tojikiston va boshqa mamlakatlar korxonalari to‘qimachilik sanoati uchun matolar, to‘qimachilik aksessuarlari, ip-kalava, kimyoviy moddalar, bo‘yoqlar kabi mahsulotlarini namoyish etayotir.
“Bellegprom” kontsernining Tashqi iqtisodiy aloqalar departamenti rahbari Natalya Murashko bu galgi “UzTextile Expo 2022» ko‘rgazmasi ko‘tarinki ruhda boshlanganini ta’kidlaydi.
– Biz mamlakatingizda o‘tkazilayotgan to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari namoyishida uchinchi marotaba qatnashyapmiz. Unda respublikamizdagi uchta yirik yengil sanoati korxonasining mahsulotlari taqdim etilgan. Ular orasida jun va sintetik matolar, tayyor kiyimlar bor. Ishtirokchilarning mahsulotlarimizga bo‘lgan qiziqishi yuqori. Dastlabki muloqot va tanishuvlar bo‘lib o‘tdi. Tadbir yakunida amaliy natijalar bo‘ladi, degan umiddamiz, – dedi N.Murashko
Ko‘rgazmadan Hindistondagi “Vineet polyfab pvt.ltd” kompaniyasining stendi ham joy olgan. 1997 yilda faoliyatini boshlagan ushbu kompaniya dunyoning 80 dan ortiq davlatiga o‘z mahsulotlarini eksport qiladi.
– Kompaniyamiz keng turdagi to‘qimachilik iplari ishlab chiqaradi, sotadi va ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadi. Biz O‘zbekistondagi korxonalar bilan aloqalarni yaxshi yo‘lga qo‘yganmiz. Samarqand va Namangan viloyatlaridagi korxonalarga mahsulotlarimizni yetkazib beramiz. Ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar kompaniya faoliyatida muhim o‘rin egallaydi. Kelgusida hamkorlikni yanada mustahkamlash niyatidamiz, – dedi kompaniya vakili Rajesh Agarval.
Ko‘rgazma 27 aprelga qadar davom etadi.
Nasiba ZIYODULLAYEVA, O‘zA
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




