Keyingi yillarda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermerlar mavzusi eng ko‘p ko‘tarilgan mavzulardan biri bo‘ldi. Aslida, fermerni yelkasiga shamol tegishiga aynan klasterlar sababchi emasmi? Yillab yetishtirgan paxtasi uchun haq ololmagan, olsa ham suv tekinga sotib olingan paxta, bugun baland narxda sotib olinmoqda.
Prezidentimiz joriy yilning 18 avgust kuni tadbirkorlar bilan Ochiq muloqotida klasterlar haqida to‘xtalib o‘tgan edi. Unda davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “..hamma qarshi bo‘lsa ham klaster faoliyatini ishga tushirdik va tizim o‘z samarasini ko‘rsatdi”, bunda Davlat rahbarining qat’iy irodasi tufayli klaster tizimida yaxlit ishlab chiqarish zanjirini tashkil etishga erishildi.
O‘zbek xalqni “paxta qulligidan” ozod qilish Prezident orzusi bo‘lganini alohida ta’kidlandi (https://t.me/shmirziyoyev/1825).
Bunga erishishda aynan paxta-to‘qimachilik klasterlari sabab bo‘ldi. Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yilgi paxta hosili bo‘yicha jahon bozori bilan ichki bozordagi paxta xom ashyosi narxi o‘rtasida katta tafovut bo‘lgani oqibatida klasterlar 6 trillion so‘m (500 million dollarga yaqin) zarar ko‘rgan (Tadbirkorlik rivojini yanada yuksak bosqichga ko‘tarish – ustuvor vazifamizdir (president.uz)). 2022 yilda Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekistonda yetishtiriladigan o‘rta turdagi paxta xomashyosining eng kam xarid narxi 1 kg uchun 10 025 so‘mdan belgiladi, jahon bozorida esa narx past bo‘lgan (https://t.me/c/1300420435/1020 ).
Aynan ushbu masalada mutaxassislar fikrini o‘rgandik. “ART SOFT HOLDING” korxonasi rahbari Olimxon Boboxonovning fikricha, paxtaning narxi aslida Nyu-York birjasidan kelib chiqqan holda belgilanishi kerak.
Buni Qishloq xo‘jaligi vazirligi dunyo bozorlarini o‘rganib, mutaxassislar tahlili asosida belgilashi to‘g‘ri bo‘ladi. Doimiy ravishda jahonda paxta narxini nazorat qilish, analitik mutaxassislar tomonidan o‘tgan yil narxlarini solishtirgan holda kelajak 5-10 yil uchun “prognoz”lar berishi kerak.
– Klasterlarning 6 trln so‘m zarar ko‘rganligi haqida aytilgan gapga izohim shuki, narx belgilanayotganda paxtani narxi ko‘tarilib tushayotgan vaqtga to‘g‘ri kelgan edi.
Umuman tahlil qilib olganda, 1 kg paxta xomashyosi 5,5-6 minglik narxni 10025 qilib belgilandi.
Mana bugun ham 83 kotirovka hisoblab chiqilsa, tolaning narxi 21 ming, paxta xomashyosi 56 ming chiqyapti, bunda ip-kalava va tayyor mahsulotni tannarxi oshishi va jahon bozorida raqobatbardoshligi pasayishiga olib keladi – dedi u.
O‘z navbatida, ko‘plab klaster rahbarlari ham narxlar jahon narxlari darajasida belgilanishi to‘g‘ri qaror bo‘lishini ta’kidlaydi.
Shu bilan birga, klasterlar paxta tannarxi jahon narxlaridan oshsa, hukumat tomonidan subsidiya sifatida narxdagi farqni korxonaga qaytarish mexanizmni joriy etish yoki soliq imtiyozlari berilishi lozimdir.
Aytish joizki, klaster tizimiga o‘tilgandan so‘ng qisqa vaqt ichida qishloq xo‘jaligida keskin o‘zgarishlar qilishga zamin yaratildi, xususan, o‘tgan olti yil ichida bir gektardan olinadigan paxta hosili 26 tsentnerdan 34 tsentnerga yetdi. Ayniqsa, Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlarida 40 tsentnergacha hosil olinmoqda.
Kelgusi yilda sohadagi eksportni 1,5 barobar ko‘paytirib, 2022 yildagi 3,2 milliard dollar o‘rniga 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha katta marra olganmiz. Hozirgi vaqtda paxta to‘qimachilik klasterlarida 600 mingga yaqin aholi doimiy daromad olib, mehnat qilmoqda.
Shu vaziyatni hisobga olib, hukumatimiz tomonidan klasterlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yanada kengaytirilmoqda.
Unga ko‘ra, kreditlar bo‘yicha qarzlarni to‘lash 3 trillion so‘mlik muddat bir yilga uzaytirildi. Klasterlarning aylanma mablag‘lari uchun bir yarim yil muddatga 3 trillion so‘m kredit ajratiladi.
Bundan tashqari, paxta va sun’iy tolani olib kelishda transport xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi. Xomashyo, bo‘yoq va kimyoviy vositalar, furnitura, sovitish tizimlari va aksessuarlar uch yil muddatga bojxona bojidan ozod qilinishi Davlat rahbari tomonidan alohida ta’kidlandi (Tadbirkorlik rivojini yanada yuksak bosqichga ko‘tarish – ustuvor vazifamizdir (president.uz)).
“MERGANTEKS“ MCHJ Ibroxim Xamroyev klasterlar tizimida yana bir masalaga e’tibor qaratdi.
– Klaster paxta yetishtirish uchun o‘zining mol mulkini garovga qo‘yib bankdan kredit olib, uni xech qanday garov yoki kafolatsiz fermer xo‘jaligiga beryapti. Fermerda hech qanday majburiyat bo‘lmaganligi sababli o‘ziga olgan majburiyatini qasddan bajarmaslik holati yildan yilga ko‘payib bormoqda.
Qarzni to‘lashdan qochish maqsadida mol-mulkini boshqalarga o‘tkazish holatlari ko‘paymoqda. Fermer paxtahosilini moliyalashtirish uchun o‘zining mol-mulkini, yerini garovga qo‘ymas ekan fermer xo‘jaliklarining paxta to‘qimachilik klasterlari oldidagi majburiyatlarini qasddan bajarmaslik holatlari borgan sari ko‘payib boraveradi, – dedi u.
Qonunchilik bo‘yicha fermer ham klaster ham tadbirkor. Qonun oldida har ikkisining javobgarligi bir xil bo‘lishi, har ikki tomon ishiga adolat bilan yondashishi kerak. Hozirgi kunda ba’zi fermerlar hosildorlikni o‘ylayapti.
Shartnomaga asosan 30 tsentr uchun to‘lovlar klasterlar tomonidan fermerlarga o‘tkazib berilmoqda. Lekin katta-katta xarajatlar qilinib, 20-25 tsentner hosil olinmoqda va go‘yoki hosildorlik yaxshi bo‘lmayapti.
Shu yerda narx masalasidan kelib chiqib klasterlar ziyoniga ishlamoqda.
Narx masalasida muammo yuzasidan Toxir Kuliyev o‘z fikrini bildirdi:
– O‘zbekistonda 4-5 yil oldin 30-40 foiz tola qayta ishlanardi, qolgani tola ko‘rinishida eksport qilinardi. O‘sha davrlarda (O‘zpaxtasanoat) uzoq emas 5 yil oldin, fermerlar 1.5-2 mln tonna paxta uchun pul olgan xolos. Eslang, 5 yil oldin paxtani narxi nechi pul edi? Qaysidir fermer xursand bo‘lib paxta ekkanmi?
Klaster bo‘lguncha hamma fermerlar paxta planini bajarish va yillab shu pulni orqasidan yurish bilan sarson edi. 20 yil oldin ham tolani jahon bozoridagi bahosi 1.8-2.0 dollar edi, hozir ham shu narx, katta o‘zgarish yo‘q. Lekin O‘zbekistonda paxta narxi 120 foizga oshdi, sababi talab ko‘paydi, klasterlar yangi ip kalava fabrikalarini tashkil qildi, yangi ishlab chiqarish quvvatlari ko‘paydi.
Avvaldan ip-kalava va tayer mahsulot ishlab chiqarishiga ega klasterlar 11-15 foizni tashkil qiladi, ular to‘liq zanjirni yaratib olishdi. Lekin yangi klasterlar to‘qimachilik fabrikasini shaxsiy sarmoyasi va bank kreditlari evaziga yangidan tashkil qilmoqda. Mavjud kreditni yopmasdan, zanjirni keyingi bosqichiga o‘tolmaydi, chunki yangi korxonani ishini tashkil qilib, jahon talabiga mos mahsulot chiqarish uchun xam kamida 2-3 yil kerak, kredit esa tug‘yapti. Keyingi juda katta muammo buni sotish uchun bozor kerak, yangi klasterning nomi yo‘q hozircha, hech kim uni molini olmaydi, bunga ham 2-3 yil kerak.
Klaster rahbarlari fikricha, fermerlar talabi ham bo‘ladi, bunga 5-6 yil vaqt kerak. Tizim yangi, uni qo‘llash juda ham muhim. Hozirda yechim bu fermerga subsidiya berish va klasterlar butun zanjirni to‘liq shakllantirib, tayyor mahsulot eksport qilishga o‘tguncha ularni dunyo narxiga mutanosib ravishda xomashyo bilan ta’minlash sohada amalga oshirilayotgan islohotlar ijrosida eng maqbul ishdir.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




