2022-yil 8-noyabr kuni “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasida Tegu Kyongbuk Gazlama va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uyushmasi raisi Sokgi Li boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, Tegu O‘zbekiston to‘qtmachilik sohasining muhim hamkorlaridan biri hisoblanadi. Uyushma Koreyaning to‘qimachilik markazi hisoblangan Tegu shahridagi ko‘p tashkilotlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi.
Uchrashuvda tomonlar hamkorlikni kengaytirish, xususan, o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarining Koreyaga eksportini ko‘paytirish, maishiy to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Shuningdek, O‘zbekiston tomoni mahsulotlarni Yevropa va dunyoning boshqa mamlakatlariga eksport qilish uchun O‘zbekistonning sanoat zonalarida qo‘shma loyihalar yaratishni taklif qildi. Koreya tomoni O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb qilish imkoniyatlari bilan qiziqish masalasida O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan birgalikda uch tomonlama memorandum tuzish va ushbu yo‘nalishni rivojlantirish imkoniyatlari haqida javob oldi.
Shuningdek, uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldilar:
– O‘zbekiston mahsulotlarini olib kirishda bojxona to‘lovlarini (5%dan 0%ga) kamaytirish imkoniyatlarini o‘rganish;
– Sanoat uchun Koreyadagi korxonalarda ta’lim va malaka oshirish;
– Koreya bozoriga chiqish uchun mahsulotlarni sertifikatlash.
Tegu Kyongbuk Gazlama va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uyushmasi (Daegu Gyeongbuk Fabric and Textile Industry Cooperative) 1969 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 433 ta to‘qimachilik kompaniyalarini birlashtiradi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




