24 fevral kuni Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “Nafosat” festivali doirasida yosh dizaynerlar va soha mutaxassislari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.
Aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kiyinish madaniyati targ‘ibotini tashkil etishga qaratilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi mutaxassislari, institut professor-o‘qituvchilari, talabalar, soha mutaxassislari va yosh dizaynerlar so‘zga chiqdi.
Tadbir avvalida institut professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlar tomonidan «Tasviriy san’atda o‘zbek ayoli timsoli» mavzusidagi ijodiy ishlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Tadbir davomida «Zamonaviy bosh kiyim san’ati», «Zamonaviy o‘zbek ayoli obrazi», «Ijodkor ayol», «Talaba qiz» kabi mavzulardagi taqdimotlarda kiyinish madaniyati, uning bugungi hayotimizda tutgan o‘rni, yoshlar orasida urfga kirayotgan kiyimlar, talabalarning ta’lim olish uchun qulay hamda yoshiga mos bo‘lgan kiyimlarni kiyishlari, buning afzalliklari haqida so‘z yuritildi.
Shu bilan birga, tadbir doirasida «Nafosat – 2021» festivali nominatsiyalari bo‘yicha modalar namoyishi tashkil etildi. Mazkur namoyishdan o‘zbek milliy liboslari bilan bir qatorda, bugungi kunda o‘qish va ishda kiyish mumkin bo‘lgan qulay va bejirim liboslar o‘rin oldi.
Davra suhbati ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT







