O‘zbekiston elchisi Dilshod Axatov Hindiston to‘qimachilik vazirining o‘rinbosari Upendra Prasad Singx bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida to‘qimachilik va ipakchilik sohalaridagi hamkorlik masalalarining joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekistonda to‘qimachilik va ipakchilik sohalari rivoji yo‘lida so‘nggi yillarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi «GSP+» dasturiga benefitsiar davlat sifatida kirishi o‘zbek mahsulotlari eksportini yanada jadallashtirishga xizmat qilishi e’tirof etildi.
O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida to‘qimachilik sanoati sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida jahonga mashhur to‘qimachilik brendlari bilan hamkorlik o‘rnatgan Hindistonning salohiyatli kompaniyalari o‘zbek xamkasblari bilan qo‘shma sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish orqali yaratilgan imkoniyatlardan keng foydalanishlari mumkinligi bildirildi.
Uchrashuv davomida «Integratsiyalashgan to‘qimachilik parklari dasturi»ni amalga oshirish sohasida Hindistonning boy tajribasi va yuqori salohiyatini inobatga olgan holda, bu sohada hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari atroflicha o‘rganib chiqildi.
Sheriklikning yana bir muhim qirrasi sifatida ikki davlat ixtisoslashtirilgan to‘qimachilik institutlari, ilmiy-tadqiqot markazlari, universitet va kollejlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston hududida Hindistonning yetakchi universitetlarining filiallarini ochish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish taklifi bildirildi.
To‘qimachilik va ipak sanoati korxonalari o‘rtasidagi kooperativ aloqalarni kengaytirish maqsadida ikki davlatda o‘tkaziladigan savdo ko‘rgazma, yarmarka va modalar namoyishlarida ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokini ta’minlash muhimligi haqida yakdil fikrlar bildirildi.
Bu kabi tadbirlar nafaqat brendlarni ommalashtirish, balki ishlab chiqaruvchilar va xaridorlar muloqoti uchun muhim platforma yaratishi ta’kidlandi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




