O‘zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchisi Dilyor Hakimov Lyuksemburgning «Sonneg Luxembourg S.A» kompaniyasi rahbari, vatandoshimiz Diyor Yoqubov bilan uchrashdi.
2014 yilda tashkil etilgan «Sonneg Luxembourg S.A» kompaniyasi ulgurji to‘qimachilik mahsulotlari savdosiga ixtisoslashgan. Kompaniya Yevropada alohida mijozlarga sifatli va arzon to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib beruvchi sifatida nom qozongan. Bugungi kunda kompaniya Lyuksemburg orqali butun Yevropa bo‘ylab O‘zbekistondan turli-tuman to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilmoqda.
«Sonneg Luxembourg S.A» mamlakatimizning «Uztex Group», «Elegant», «Fiber», «Tmt» korxonalari bilan o‘zaro aloqalar o‘rnatgan holda ularning mahsulotlarini Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Frantsiya, Lyuksemburg, Polsha, Chexiya va Italiya bozorlariga yetkazib bermoqda.
Diyor Yoqubovning aytishicha, joriy yil boshidan buyon uning kompaniyasi orqali O‘zbekiston brendi ostidagi tayyor to‘qimachilik mahsulotlari Yevropa bozorlariga qariyb 100 ming dollarga eksport qilindi va yil oxirigacha bu ko‘rsatkich sakkiz yuz ming dollarga yetishi kutilmoqda.
Tadbirkorning aytishicha, «Yevropa bozorlarida o‘zbek mahsulotlariga xaridor topish muammo emas, eng asosiy masala – Yevropa standartlariga muvofiq yetkazib berishni muntazam ravishda tashkil etishdir».
Uning ta’kidlashicha, ayrim eksportchilar yevropalik sheriklarining ishonchini yo‘qotmoqda, bunga esa hamkorlikni yo‘lga qo‘yish jarayonida mahsulot sifatiga e’tiborning kamayayotgani sabab bo‘lmoqda.
Uchrashuv natijasida O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan o‘zbek to‘qimachilari va agrosanoat majmuasi xodimlari uchun o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish, Lyuksemburgda savdo uyi ochish va o‘zbek milliy to‘qimachilik va ipak mahsulotlari ko‘rgazmasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Manba: Dunyo» AA
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




