Vashingtonda Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro biznes bo‘yicha AQSh Kengashi maydonida Cotton Campaign koalitsiyasining “paxta boykoti” bekor qilingani bilan bog‘liq brifing o‘tkazdi.
Unda “Hanesbrands”, “Wallmart”, “Home Depot”, “Target” chakana savdo gipermarketlari tarmoqlari, AQSh to‘qimachilik kompaniyalari manfaatlarini ifodalovchi yuridik va lobbichilik tuzilmalari, “Crowell & Moring”, “Seyfarth Shaw”, “Arnold & Porter”, “Braddon Group” kabi yetakchi brendlar vakillari ishtirok etdi.
“Walmart” AQSh va dunyodagi yeng yirik chakana savdo tarmoqlaridan biridir. Kompaniyaning AQShning o‘zidagi yillik aylanmasi taxminan 523 mlrd dollarni tashkil etadi, shundan 23 mlrd dollar to‘qimachilik hisobiga to‘g‘ri keladi. Ushbu sohadagi “Target” va “Home Depot” ko‘rsatkichlari mos ravishda taxminan 12 mlrd dollar va 10 mlrd dollarni tashkil etadi.
Brifing ishtirokchilariga mamlakatimizda majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha institutsional asoslar va huquqni qo‘llash amaliyotini mustahkamlash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, mamlakatimizda qishloq xo‘jaligida, paxta yig‘im-terimi jarayonini mexanizatsiyalash va klaster tizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Paxta yig‘im-terimi jarayonini mustaqil monitoring qilish, XMT va boshqa xalqaro tashkilotlar, xorijiy va mahalliy NNT bilan faol hamkorlik qilish imkoniyatlarini to‘liq ta’minlashga e’tibor qaratildi. O‘zbekiston klaster tizimi doirasida mehnat amaliyoti bo‘yicha to‘liq shaffoflik va ishlab chiqarish tsiklining barcha bosqichlarini kuzatish mumkin bo‘lgan zamonaviy korxonalarni yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlar tushuntirildi.
Brifingda ishtirok etgan USCIB vitse-prezidenti Gabriella Xerzog O‘zbekiston majburiy mehnatga qarshi kurashishda muvaffaqiyatga erishish bo‘yicha jahonga namuna bo‘layotganini, bu 2022 yil may oyida bo‘lib o‘tgan Bolalar mehnatiga barham berish bo‘yicha 5-global konferentsiyada mamlakat tajribasini namoyish etayotganini ko‘rsatdi.
USCIB vakili XMT bilan hamkorlikda “Better Work” dasturining O‘zbekistonda amalga oshirilishini olqishladi. Uning fikricha, ushbu dastur nafaqat ish sharoitlarini yaxshilash, balki global to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib berish global tizimlarida raqobatbardoshlikni kuchaytirish imkonini beradi.
O‘z navbatida, XMT Vashington ofisi direktori Kevin Kassidi 2021 yilda paxta yig‘im-terimini monitoring qilish natijalari haqida so‘z yuritar ekan, O‘zbekistonda tizimli majburiy mehnatga to‘liq barham berilganini, paxta terimchilari uchun to‘lovlar miqdori sezilarli darajada oshirilganini, ularning jamoa shartnomalarida ishtirok etish imkoniyatlari ta’minlanganini, monitoring jarayoniga fuqarolik jamiyati jalb etilganini tasdiqladi. XMT vakili respondentlarning 83 foizi mehnat sharoitlari sezilarli darajada yaxshilanganligini qayd etdi.
AQSh ishbilarmon doiralari orasidan tadbirda ishtirok etganlar ham O‘zbekistonning majburiy mehnatga barham berish sohasidagi yutuqlarini mamnuniyat bilan qarshi oldi. Dunyodagi eng yirik gipermarketlar tarmoqlaridan biri “Wallmart”ning hukumat bilan aloqalar bo‘yicha menejeri Anbin Fan qisqa vaqt ichida ko‘rilgan chora-tadbirlar ko‘lami hayratda qolarli ekanini ta’kidladi. “O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati sohasida dunyoda yetakchi o‘rinni egallash uchun ulkan salohiyatga ega”, – dedi AQSh kompaniyasi vakili.
Brifing davomida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga, jumladan, O‘zbekiston to‘qimachilik klasterlarining ishlab chiqarish zanjirida, ularning vertikal integratsiya, tayyor to‘qimachilik mahsulotlarining logistikasi va eksport bozorlari tizimida xizmat ko‘rsatishni ta’minlashning mavjud mexanizmlari to‘g‘risida ham izohlar berildi.
1945 yilda xalqaro tashkilotlar, xorijiy va Amerika davlat idoralarida AQSh kompaniyalari manfaatlarini ifodalash va himoya qilish uchun ta’sis etilgan Xalqaro biznes bo‘yicha AQSh Kengashi (USCIB) 1500 dan ortiq jahon brendlari va reteylerlarini birlashtiruvchi Amerika kiyim va poyabzal uyushmasi (AAFA) hamda AQSh Moda industriyasi uyushmasi (USFIA) bilan birga Qo‘shma Shtatlardagi uchta yirik nodavlat tashkilotlardan biri hisoblanadi, ular AQShning o‘zida 350 mlrd AQSh dollaridan ortiq miqdorda to‘qimachilik mahsulotlari sotuvining yillik hajmini ta’minlaydi. USCIB xalqaro savdo, investitsiyalar, atrof muhitni muhofaza qilish va ishchilar huquqlari erkinligi bilan bog‘liq masalalarda AQSh korxonalarining manfaatlarini himoya qiladi. USCIB 300 dan ortiq transmilliy korporatsiyalarni, yirik yuridik firmalar va biznes uyushmalarini birlashtiradi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




