Ilgari xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari vakillari tarmoqlar salohiyatini o‘rganmoqdalar. Joriy yilning 5 yanvar kuni «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi va Tashqi ishlar vazirligi ko‘magida O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari va savdo maslahatchilari hamda to‘qimachilik sanoati vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etdi.
Shuni ta’kidlash kerakki, diplomatik vakolatxonalar vakillari bilan sanoat tashkilotlari o‘rtasida bunday uchrashuv birinchi marta o‘tkazilmoqda. 15 dan ortiq elchilar va savdo maslahatchilari O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining salohiyati, sohaning so‘nggi yillarda erishgan yutuqlari bilan tanishdilar.
Uchrashuv yangi ma’lumotlar va muhokamalarga boy bo‘ldi. Xususan, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi har bir xorijiy mamlakat uchun hamkorlikka e’tibor qaratgan holda ushbu sohaning taqdimotini tayyorladi. Diplomatlar esa uz navbatida xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari, xorijiy kompaniyalar bilan ikki tomonlama uchrashuvlarni tashkil qilishdagi muammolar va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari haqida so‘zlab berishdi.
«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan sohada ikki tomonlama kooperatsiyani rivojlantirish bo‘yicha takliflarini taqdim etdi, xususan:
- O‘zbekiston Respublikasi hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish.
- to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish hajmini oshirish uchun xorijiy mamlakatlarning ishbilarmon doiralari bilan yaqin hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirish (chet ellik xaridorlar, ishlab chiqaruvchilar, savdo kompaniyalari, chakana savdo va boshqalar).
- O‘zbekiston Respublikasi korxonalarida mahsulotlarni xalqaro brendlarning buyurtmalarini shakllantirish (soha korxonalari bilan tanishish uchun ularning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifini tashkil etish bo‘yicha faol siyosatni joriy etish orqali).
- marketing, nou-xau va innovatsiyalar sohasida treninglar o‘tkazish, xususan to‘qimachilik sanoatida raqamli transformatsiya strategiyasi bo‘yicha tajriba almashish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb qilish. – moliya institutlarini jalb qilish (kreditlar, grantlar berish, texnik ko‘mak).
- O‘zbekistondagi to‘qimachilik sanoati imkoniyatlarini keng yoritish uchun ayrim xorijiy davlatlarning hududlarida doimiy ko‘rgazma zallarini, shuningdek «Uztukimachiliksanoat» uyushmasining (Xitoy, Germaniya, Turkiya) vakolatxonalarini ochish.
- ayrim mamlakatlar hududlarida (Turkmaniston, AQSh, Misr, Eron, Afg‘oniston, Hindiston, Indoneziya, Malayziya, Pokiston) bojxona to‘lovlarini kamaytirish.
- bir qator sanoat assotsiatsiyalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va yirik kompaniyalardan mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.
- to‘qimachilik va tikuvchilik va trikotaj sanoatida ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar va sertifikatlashtirish markazlarini yaratish bo‘yicha O‘zbekistonda tajriba loyihalarini amalga oshirishga xorijiy sertifikatlashtirish idoralari, tashkilotlari va kompaniyalarini jalb qilishga ko‘maklashish.
Davra suhbati yakunlari bo‘yicha tomonlar belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlar to‘g‘risida kelishib oldilar.
Uchrashuv davomida mexmonlar Koreyaning To‘qimachilik texnologiyalari instituti ko‘magida yaratilgan “Uz-Kor To‘qimachilik” texnoparki faoliyati bilan tanishishdi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT
























