Joriy 2022 yil O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati uchun voqealarga juda boy bo‘ldi: yil boshidan buyon to‘qimachilik forumlari, turli seminarlar, xalqaro ko‘rgazmalar va hamkorlikka manfaatdor xorijiy kompaniyalar, brendlar va riteylerlar bilan ko‘plab uchrashuvlar kabi ko‘plab tadbirlar o‘tkazildi. Shu jumladan, yil boshidan buyon turli mamlakatlar delegatsiyalarining tashriflari amalga oshirildi.
O‘zbekiston xorijlik hamkorlarni siyosiy-iqtisodiy vaziyatning barqarorligi va barcha sohalarda, xususan, tayyor mahsulot eksportini oshirish maqsadini ko‘ygan to‘qimachilik sohasida hamkorlikka tayyorligi bilan jalb qilmoqda.
Ayni paytda Wildberries, Yandex. Market, Ozon, Lamoda kabi yetakchi marketpleyslari vakillaridan iborat delegatsiya (taxminan 90 kishi) O‘zbekistonga tashrif buyurmoqda.
Tashrifdan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekistonning tayyor to‘qimachilik mahsulotlari bilan yaqindan tanishish va tashqi bozorlarga yuqori sifatli tayyor mahsulotlar yetkazib berish masalasini o‘rganishdan iborat.
Tashrif davomida mehmonlar O‘zbekistonning “LUKBO TEXTILE”, “Chirchik Mega Biznes”, “Zarista textile” va “Uztex Group” yirik to‘qimachilik korxonalari mahsulotlari bilan tanishdi.
Ishlab chiqarilayotgan jinsi mahsulotlari, sport kiyimlari, futbolkalar, paypoqlar, ayollar ko‘ylagi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu mahsulotlarni yetkazib berish masalasi ham kelishib olindi.
Delegatsiya tashrifining ikkinchi kuni delegatsiya vakillari va mahalliy to‘qimachilik va tikuvchilik korxonalarining 70 dan ortiq vakillari o‘rtasida V2V formatidagi uchrashuvlar bilan o‘tdi. Ushbu formatdagi uchrashuvlar manfaatdor tomonlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishga yordam beradi, bu esa ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni sifat va miqdor jihatdan oshirishga olib keladi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




