Toshkent shahrida “Erishilgan natijalardan amaliy harakatlarga: O‘zbekiston paxtachilik sektorini mustahkamlash” mavzusida Better Cotton Initiative (BCI) tashabbusining beshinchi yillik muloqoti bo‘lib o‘tdi.
🔳 Tadbirda BCI bosh operatsion direktori Lena Staafgard boshchiligidagi delegatsiya, tegishli vazirliklar, Oliy Majlis Senati, Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, shuningdek, klaster va to‘qimachilik korxonalari vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik sektorida amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro standartlarni joriy etish, barqaror ishlab chiqarish, munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash hamda eksport salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekistonda BCI dasturi qamrovi kengayib borayotgani ijobiy baholanib, joriy yilda dastur ishtirokchilari soni ikki barobarga oshgani ta’kidlandi. Shuningdek, sertifikatlashtirish tizimini rivojlantirish va xalqaro standartlarni milliy tizimga integratsiya qilish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash muhimligi qayd etildi.
Ma’lumot uchun: Better Cotton Initiative (BCI) — 20 dan ortiq mamlakatda faoliyat yurituvchi va 2,5 milliondan ziyod fermerni birlashtirgan xalqaro tashkilot. O‘zbekistonda dastur 2022-yildan rasman faoliyat yuritib kelmoqda, 2023-yilda esa BCI milliy vakolatxonasi ochilgan.
✅ Mazkur muloqot O‘zbekiston paxtachilik sohasining barqaror, inklyuziv va uzoq muddatli rivojlanishiga qaratilgan yagona yondashuvni shakllantirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda xalqaro bozordagi mavqeini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.



O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




