«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi delegatsiyasi shu kunlarda ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish doirasida Xitoyga tashrif buyurmoqda.
Dunguandagi to‘qimachilik sanoat zonasiga tashrifi chog‘ida Dunguan savdoni rivojlantirish uyushmasi rahbariyati bilan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Xitoyning 12 kompaniyasi vakillari ham ishtirok etib, o‘zbekistonlik to‘qimachilik xodimlari bilan hamkorlik o‘rnatishga qiziqish bildirdilar.
Ta’kidlash joizki, 2018 yilda tashkil etilgan Dunguan uyushmasi 500 dan ortiq a’zo korxonalarga ega va elektronika, to‘qimachilik, kiyim-kechak va uy mebellari kabi sohalarni qamrab oladi, shuningdek, sezilarli eksport hajmiga ega.
O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati taqdimoti va muhokamalar yakunlari bo‘yicha tomonlar O‘zbekistonda Dunguan shahri tajribasidan foydalangan holda tayyor ishlab chiqarish uchun to‘qimachilik sanoat zonasini yaratish bo‘yicha istiqbolli kelishuvga erishdilar.
Xitoy tomonining 2024 yil 25 yanvar kuni Shenchjenda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Xitoy investitsiyaviy forumda ishtirok etishi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi. Tadbirda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va Savdoni rivojlantirish uyushmasi o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolanishi rejalashtirilgan.
Joriy yilning mart oyida Xitoy delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifidan esa to‘qimachilik sanoatida hamkorlik va muvaffaqiyatli loyihalar yaratish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar kutilmoqda.
uzts.uz veb-saytidagi ma’lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tirajlash, tarqatish va boshqa tarzda foydalanish faqat uyushma veb-saytiga havola orqali amalga oshirilishi mumkin
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




