Jorj Vashington universitetining mashhur To‘qimachilik muzeyida O‘zbekiston to‘qimachilik sohasida birgalikda tijorat va investitsiya loyihalarini amalga oshirish salohiyati namoyish etildi.
Taqdimotda O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi hamda O‘zbekiston paxta va to‘qimachilik klasterlari, AQSh to‘qimachilik industriyasi vakillari, O‘zbekiston agrar sektoridagi AQSh investorlari – “CNH Industrial” va “John Deere”, Paxta bo‘yicha Milliy kengash savdo birlashmasi, “Global Trade Alliance of America” kompaniyasi, Qo‘shma Shtatlarning Tijorat xizmati, Davlat departamenti va diplomatik korpus, shuningdek, Xalqaro moliya korporatsiyasi va Jahon banki vakillari ishtirok etdi.
Tadbir boshida O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining raqobatbardosh ustunliklari, qishloq xo‘jaligida klaster ishlab chiqarishni rivojlantirishning o‘ziga xos xususiyatlari va paxta yig‘im-terimi jarayonini mexanizatsiyalash masalalari atroflicha muhokama qilindi. O‘zbekiston klaster tizimi doirasida mehnat amaliyoti bo‘yicha to‘liq oshkoralikni ta’minlash va ishlab chiqarish tsiklining barcha bosqichlarini – paxta yetishtirishdan tortib, uni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha kuzatish imkonini beradigan zamonaviy korxonalarni tashkil etish bo‘yicha sa’y-harakatlar tushuntirildi.
Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekistonda xorijiy investorlar uchun taqdim etilayotgan imtiyoz va preferentsiyalar, paxta tolasini qayta ishlash sohasidagi mavjud salohiyat, qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish, O‘zbekiston ichki va tashqi bozori ehtiyojlari haqida ma’lumot oldi.
“UztexGroup”, “Bunyoidkor Textile”, “Nil Granit” va “Haj Textile” milliy to‘qimachilik kompaniyalari ishlab chiqarish va eksport salohiyati alohida namoyish etildi.
“White & Case” kompaniyasi vakili K.Yong “davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va qishloq xo‘jaligidagi inqilobiy o‘zgarishlar tufayli O‘zbekiston to‘qimachilik sektori misli ko‘rilmagan o‘sish sur’atlarini namoyish etmoqda”, deb ta’kidladi.
AQShning ko‘plab to‘qimachilik brendlari manfaatlarini himoya qiluvchi “Fontheim International” kompaniyasi prezidenti K.Fonteyn “O‘zbekiston to‘qimachilik va tikuvchilik sanoati Yevropa va Amerika bozorlarida o‘z ishtirokini kengaytirish uchun tarixiy imkoniyatga ega”, deb ta’kidladi.
Taqdimot vaqtida O‘zbekiston klaster tizimida qo‘llaniladigan yetkazib berish zanjirlarida kuzatishni ta’minlash mexanizmlari, atrof muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy siyosat va korporativ boshqaruv standartlari (ESG), tayyor to‘qimachilik mahsulotlarining transport yo‘nalishlari va eksport bozorlari haqida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga izohlar berildi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




