O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati mahsulot ishlab chiqarish, investitsiyalar jalb qilish, yangi korxona va ish o‘rinlarini tashkil etish, ayollar va yoshlarni ish bilan ta’minlashda shubhasiz yetakchi hisoblanadi. Bugungi kunga kelib, hukumat tomonidan eksport qiluvchi korxonalarga berilayotgan imtiyozlar natijasida, to‘qimachilik sanoati mahsulot eksport qilishda ham yetakchi o‘rinni egallab turibdi.
2020 yilda pandemiya bo‘lganiga qaramay, soha korxonalari chet elga 1,9 mlrd dollarga teng mahsulot eksport qildilar. Lekin, 2021 yilning ilk 8 oyining o‘zidayoq 1 913,7 mln dollarga teng to‘qimachilik mahsulotlari eksporti amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich mamlakat umumiy eksport hajmidan 26%ni tashkil qilmoqda. Yil yakuniga qadar 3,05 mlrd dollarlik eksport qilinishi kutilmoqda. O‘rtacha, korxonalar tomonidan har oyda 238 mln. dollarlik mahsulot eksport qilinmoqda.
2021 yil tarixiy yillardan biriga aylandi. Yil Yevropa Ittifoqi komissiyasi hush xabaridan boshlandi, komissiyaning bir tomonlama qaroriga binoan aprel oyidan boshlab O‘zbekiston uchun GSP+ imtiyozlar tizimi kuchga kirdi. Bu qaror Yevropa bozoriga eshiklarni ochib, to‘qimachilik mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish, shuningdek, xalqaro brendlar va chakana sotuvchilarning O‘zbekistondagi to‘qimachilik korxonalari bilan hamkorlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish imkonini berdi.
Ilk marotaba mamlakat rahbariyati va tadbirkorlar o‘rtasida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Shaxsan Prezident tadbirkorlar bilan yuzma-yuz uchrashib muammolarni muhokama qildi. Natijada, eksport qilishni soddalashtirish maqsadida 2021 yil 7 sentyabrda «Eksportchi korxonalarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» Prezident Farmoni imzolandi.
Ushbu hodisalar eksport geografiyasini kengayishida ham ijobiy ta’sir o‘tkazdi. Xususan, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida dunyoning 62 davlatiga eksport qilindi. Ayni paytda Rossiya, o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini yetakchi iste’molchisi hisoblanadi, uning eksportdagi ulushi 32,4% (619,1 mln. dollar)ni tashkil etmoqda. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda mos ravishda Xitoy – 23,8% (455,5 mln.dollar) va Turkiya – 13,6 (259,6 mln.dollar) egallab turibdi. Qirg‘iziston eksport yildan-yilga oshib bormoqda va hozirgi kunga kelib 13,2% (251,6 mln.dollar)ni tashkil etmoqda. Ushbu davlatlarning ulushi jami eksportda 83%ga (1,6 mlrd.dollar) to‘g‘ri keldi.
Eksport qiluvchi korxonalarni rag‘batlantirish, yildan-yilga yangi korxonalarni, eksport qilishga jalb etishda yordam bermoqda. Masalan 2020 yilda sohada 977 korxona mahsulot eksporti bilan shug‘ullangan bo‘lsa, 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich 1196 taga yetdi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




