Bugun Namangan muhandislik-texnologiya institutiga “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining Kadrlar va ta’lim muassasalari bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Odinayev Sardor Raximjanovich boshchiligidagi delegatsiya institut bilan hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish va ko‘plab masalalarni muhokama qilish maqsadida tashrif buyurdi hamda institut jamoasi bilan muloqot o‘tkazilib, o‘zaro fikrlar almashildi.
Muloqotlar Namangan muhandislik-texnologiya institutining laboratoriya binosida boshlandi. Bu dargohga mahalliy va xalqaro grand mablag‘lari hisobidan zamonaviy o‘quv-laboratoriya jihozlari joylashtirilgan bo‘lib, mazkur jarayonda talabalar nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash imkoniga ega bo‘ladilar. Bu esa o‘z-o‘zidan ishlab chiqarish tarmog‘iga borayotgan yosh kadrlarning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ko‘nikmasini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotganligi mehmonda iliq taassurotlar qoldirdi.
Shuningdek, To‘qimachilik, Yigiruv, Tikuv, Charm-poyafzal hamda Trikotaj texnologiyasi uchun mo‘ljallangan jihozlar ko‘zdan kechirildi. Yaqin kunlarda yigiruv va to‘quv texnologiyasi bo‘yicha zamonaviy laboratoriya jihozlarini Namangan muhandislik-texnologiya institutiga keltirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shundan so‘ng institutning majlislar zalida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi, “Namangan to‘qimachi holding” kompaniyasi hamda Namangan muhandislik-texnologiya instituti professor-o‘qituvchilari ishtirokida muloqot o‘tkazildi.
Muloqot davomida o‘quv jarayonlarini bevosita amaliyot bilan bog‘lash hamda ishlab chiqiruvchi korxonalar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalari ilgari surildi. “Namangan to‘qimachi holding” kompaniyasi tomonidan institutning har bir fakultetidan bir nafarga talabaga “Innovator” nomli stipendiyasi joriy etilganligi etirof etildi.
Namangan muhandislik-texnologiya instituti Axborot xizmati
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




