Xabaringiz bor shu kunlarda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi Raisining birinchi o‘rinbosari M.Sultanov biznes missiyasi bilan dunyoning rivojlangan davlatlaridan biri Yaponiyada bo‘lib turibdi.
Bugun 7 iyul kuni Yaponiyaning qator kompaniyalari bilan uchrashuvlar amalga oshirishga erishildi. Bu uchrashuvlar O‘zbekiston Respublikasining Tokiodagi elchixonasi ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Bugungi kun uchun qator Yaponiyaning ko‘zga ko‘ringan kompaniyalari bilan uchrashuvlar amalga oshirildi. Jumladan, Yaponiyaning yirik “MIZUNO Corporation” kompaniyasi bilan sport kiyimlari ishlab chiqarish, “AOKI Holdings Inc” kompaniyasi bilan erkaklar va ayollar uchun biznes uslubidagi kiyimlarni ishlab chiqarish, “Hikose Shakai” kompaniyasi vakillari bilan Yaponiya mehmonxona va klinikalariga choyshab va sochiq mahsulotlari yetkazib berish va “YKK GROUP” vakillari bilan kiyim uchun aksessuar yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Uchrashuvlarda O‘zbekistondagi to‘qimachilik sanoatining ishlab chiqarish salohiyati, yaratilgan qulay imkoniyatlar va xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumotlar berildi. Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi, paxta boykotining bekor qilinishi jahon brendlarining O‘zbekistonda biznes yo‘lga qo‘yishga qiziqishini oshirishga yordam berayotgani yapon hamkorlarining e’tiborini tortdi. O‘z navbatida, Yapon kompaniya vakillari to‘qimachilik sanoatining ishlab chiqarish, xomashyo bazasi, ishlab chiqarilayotgan va eksport qilinadigan mahsulotlar assortimenti haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldilar va namunalar bilan tanishdilar.
Bundan tashqari Yaponiyaning yirik energiya tejamkorlik uskunalar ishlab chiqaruvchi “Yanmar” kompaniyasi bilan uchrashuvlar doirasida yigiruv va bo‘yoq uskunalaridan chiqadigan bug‘ va pardan oqilona foydalanilgan holda elektr manbai ishlab chiqarish texnologiyasi biznes-missiya vakillarida qiziqish tug‘dirdi. Bu yangilik mahalliy korxonalar ishlab chiqarishini «nou-xau» uslubda o‘zgartirishlarga olib kelishi ta’kidlandi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




