Joriy yilning 29 may kuni Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida “Parvoz Xumo Ravnaq”-“HAJ Textile Group” korxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda BMTning O‘zbekistondagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (UN FAO) vakillari, Bangladesh Xalq Respublikasi, Eron Islom Respublikasi, Ruminiya va Hindiston Respublikasi diplomatik korpus vakillari hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Senat qoshidagi yoshlar parlamenti, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJdan vakillar ishtirok etdilar. Bundan tashqari AQSh, Afg‘oniston, Germaniya, Ispaniya, Qirg‘iziston, Livan, Malayziya, Rossiya, Suriya, Tojikiston, Turkiya, Ukraina, Xitoy va Shveytsariya davlatlaridan 100 dan ortiq xorijiy korxona vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirni ochib berish uchun Buxoro viloyati hokimi Botir Komilovich Zaripov so‘zga chiqdi. B.Zaripov tadbir mehmonlariga o‘z minnatdorchiliklarini bildirgan holda “Parvoz Xumo Ravnaq Trans” korxonasining Buxoro viloyatining iqtisodiy ko‘rsatgichida tutgan o‘rniga alohida urg‘u berib o‘tdi. So‘zlarining yakunida “Parvoz Xumo Ravnaq” direktori Achilov Sh. bilan birgalikda korxonada ko‘p yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan, “Parvoz Xumo Ravnaq” korxonasi rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan korxona xodimlariga yangi xonadonlar kaliti topshirildi. Bu bilan “Parvoz Xumo Ravnaq” korxonasi rahbariyati o‘z xodimlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi va rag‘batlantirilishini ko‘rsatib o‘tdi.
Shundan so‘ng tadbir mehmonlarini tabriklash va tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirish uchun so‘zga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi bosh maslahatchisi N.Shotursunova chiqdi. Nodira Nosirovna korxona faoliyati bilan tanishib chiqqanligi va korxonada ishlayotgan ayollar soni ko‘pligidan o‘z mamnuniyatlarini bildirdilar.
Mehmonlarni tabriklash navbati «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisi o‘rinbosari M.Djumaniyazovga berildi. Muhammad Baxramovich Respublika to‘qimachilik sanoati rivojlanishida buxorolik tadbirkor va sanoat vakillari roli haqida ta’kidlab o‘tdi. Shu bilan bir qatorda so‘nggi yillar mobaynida to‘qimachilik sanoati keskin o‘zgarishlarga yuz tutgani, bu eng avvalo xalqaro bozorlarda Uztextile va Made in Uzbekistan yorliqlari ostida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlaring eksport geografiyasi va hajmi oshgani, o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari qiziqish ortayotganida aks etayotganiga alohida urg‘u berildi.
Davraga “Haj Textile Group” korxonasi ochilishi ramziy tugmalarini bosish uchun Buxoro viloyati hokimi B.Zaripov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi bosh maslahatchisi N.Shotursunova, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisi o‘rinbosari M.Djumaniyazov “Parvoz Xumo Ravnaq” korxonasi direktori Sh.Achilov, “Parvoz Xumo Ravnaq” korxonasi ta’sischisi N.Achilov taklif etildilar.
Shundan so‘ng tadbir mehmonlari korxona bo‘ylab sayohatga taklif etildi. Korxonaning kalava ip va trikotaj mato ishlab chiqarish bo‘limlari bilan bir qatorda yangi bo‘yoq fabrikasi bilan tanishib chiqildi.
Mehmonlarga Buxoro viloyati bejizga O‘zbekistonning turistik markazlaridan biri sanalmasligini ko‘rsatish maqsadida G‘ijduvon tumani va Buxoro shahri bo‘ylab tarixiy obidalarga tashriflar uyushtirildi. Kun so‘ngida tadbir mehmonlari Buxoro shahri «Ko‘kaldosh» majmuasida bo‘lib o‘tgan «Nafosat» modalar festivaliga tashrif buyurdilar.
Tadbir yakunida xorijiy diplomatik korpus vakillari, investor va chet el korxonalari vakillari o‘zlarining iliq taassurotlari bilan bo‘lishib, mahalliy tadbirkorlar bilan o‘zaro kontakt ma’lumotlar almashib oldilar.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




















