Mazkur tavsiyada kengligi 60 sm, 76 sm, 90 sm va qo‘shqatorlab ekilgan g‘o‘za qator oralariga ishlov berish, birinchi kultivatsiyani o‘tkazish, yog‘ingarchiliklardan keyin paydo bo‘lgan qatqaloqni yumshatish, g‘o‘za qator oralarida begona o‘tlarni yo‘qotish, dala sathini qatlamlab yumshatish, maxsus chuquryumshatkichlarni ishlatish, sug‘orish egatlarini ochish va mineral o‘g‘it solish, kultivator hamda o‘g‘it solish me’yorlarini sozlash, kultivatorlarni ishlatish tartibi va ularning ish sifatini baholashga doir ma’lumotlar berilgan bo‘lib, fermerlar, mexanizatorlar, muhandis-texnik va agroklaterlar xodimlar uchun amaliy qo‘llanma sifatida tavsiya etiladi.
Birinchi kultivatsiyani o‘tkazish
Fermer va mexanizatorlar g‘o‘za qator oralarini birinchi kultivatsiyalashga puxta tayyorgarlik ko‘rishlari va bu tadbirni o‘ta ziyraklik bilan amalga oshirishlari kerak. Chunki bu paytda g‘o‘za nihollari va ularning ildizlari nihoyatda nozik va mo‘rt bo‘ladi. E’tiborsizlik bilan berilgan birinchi ishlov bir qism nihollarni nobud bo‘lishiga olib keladi. Bunday holatlarni oldini olish va tadbirni sifatli o‘tkazish tubandagi talablarni to‘la-to‘kis bajarilishiga bog‘liqdir:
- kultivator agregatini yuqori malakali mexanizator boshqarishi shart;
- dalalarda g‘o‘za nihollari unib chiqib, qatorlar yaqqol ko‘zga tashlanishi bilan birinchi kultivatsiyani boshlash (aks holda agregatni to‘g‘ri, barqaror yurgizib bo‘lmaydi);
- ishchi organlarni tuproqqa birmuncha yuza botadigan qilib o‘rnatish (aks holda nozik g‘o‘za ildizlari o‘rnidan qo‘zg‘aladi va nihollar nobud bo‘ladi);
- birinchi kultivatsiyada traktor tezligini 3-5 km/soat dan oshirmaslik.
Keyingi kultivatsiyalash ishlari paxta maydonlarini har galgi sug‘orishdan so‘ng tuproq tobiga kelgan paytda o‘tkaziladi. Shundagina mayda va donador tuproq hosil bo‘ladi.
Hozirda Respublikamiz hududlarining tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, g‘o‘za qatorlar orasining kengligi 90, 76 va 60 sm lik sxemalarda ekilmoqda.
Tabiiyki har bir sxema uchun shu kengliklarga mos ishchi organlar turi va soni to‘g‘ri tanlanishi lozim.
Qatqaloqni yumshatish
Respublikamizda shu kunlarda yog‘ib o‘tgan kuchli yomg‘irlar chigit ekilgan dalalarda qatqaloq paydo bo‘lishiga olib keldi.
Ma’lumki chigit ekilgan dadalarda qatqaloq paydo bo‘lishi unib chiqqan nihollarning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, hali unmagan chigitlarning to‘la unib chiqishiga imkon bermaydi va natijada ko‘chatlar siyrak bo‘lib qoladi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun kuchli yog‘ingarchilikdan keyin hosil bo‘lgan qatqaloq tuproqning yuza qismi yetilib-yetilmay tezlik bilan 1-2 kun ichida bartaraf etilishi lozim.
Shuni yodda tutish lozimki, kuchli yog‘ingarchilikdan keyin hosil bo‘lgan qatqaloq o‘z vaqtida tezlik bilan bartaraf etilsa, unib chiqqan nihollarning seravj rivojlanishiga, unayotgan chigitlardan esa to‘la-to‘kis ko‘chat olinishiga erishiladi.
Barcha maydonlarda qatqaloq 1- va 2-rasmlarda tasvirlangan MVN-2,8 va MVX-5,4 rusumli rotatsion motigalardan foydalanib yumshatilishiga erishish lozim. Chunki bunda qatqaloqni yuqori tezlik va unum bilan hamda nihollar va urug‘larga kam zarar yetkazgan holda sifatli yumshatilishiga erishiladi.
Ish jarayonida ko‘rsatilgan motigalardan tuzilgan agregatlar ekilgan qatorlar bo‘ylab harakatlanishi lozim.
Nihollar to‘liq unib chiqqan dalalarda qatqaloqni yumshatish uchun rotatsion yulduzchalar bilan jihozlangan paxtachilik kultivatorlaridan foydalanish mumkin. Bunda kultivator har bir gryadilining o‘ng va chap tomonidan bir juftdan rotatsion yulduzchalar o‘rnatiladi va ular qator oralariga 3-rasmda ko‘rsatilgandek, ya’ni g‘o‘za qatorlaridan 3 sm qochirib va 4-5 sm chuqurlikda yuradigan etib joylashtirilishi lozim. Bu yerda ham agregat g‘o‘za qatorlari bo‘ylab harakatlanadi.
3-rasm. Nihollar to‘liq unib chiqqan dalalarda qatqaloqni yumshatish uchun rotatsion yulduzchalarni joylashtirish sxemasi
Shuni ham ta’kidlash lozimki, kuchli yomg‘irlar tufayli hosil bo‘ladigan oqava suvlarning paykallarda yig‘ilib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Buning uchun ekish bilan birga qatorlar o‘rtasida egatlar ochilgan bo‘lishi hamda paykallar chetlarida oqava suvlar chiqib ketishi uchun ariqlar olingan bo‘lishi lozim.
G‘o‘za qator oralarida begona o‘tlarni yo‘qotib tuproqni yumshatish
60 sm, 90 sm va qo‘sh qator sxemalarda paxta yetishtirishda asosan MTZ-80X, TTZ-100.11 traktorlari va KRT-4 hamda KXU-4 rusumli kultivatorlardan tashkil topgan chopiq agregatlari bilan bajariladi.
- Dala sathini qatlamlab yumshatish.Har bir dala sharoitiga qarab ya’ni tuproq o‘ta zichlashib ketgan va begona o‘tlar uncha rivojlanmagan dalalarda mayin toproq olish uchun KKO turkumidagi ishchi organlar bilan qatlamlab ishlov berish maqsadga muvofiqdir. Qator oralari 90 sm bo‘lgan paykallarda har bir qatorga ikki dona rotatsion yulduzcha (1), yetti dona yumshatkich panja (2) va bir dona o‘qyoysimon panja (3) joylashtirish kerak (4-rasm). Bu holda rotatsion yulduzcha nihollardan 3-5 sm uzoqlikda 4-6 sm
1-rotatsion yulduzcha; 2-yumshatkich panja; 3-o‘qyoysimon panja.
4-rasm. Qator oralarini qatlamlab yumshatish uchun ish organlarni joylashtirish sxemasi
chuqurlikda, birinchi juft yumshatkich panjalar nihollardan 12-15 sm uzoqlikda 5-7 sm chuqurlikda, ikkinchi juft yumshatkich panjalar nihollardan 25 sm uzoqlikda 6-8 sm chuqurlikda, uchinchi juft yumshatkich panjalar nihollardan 35 sm uzoqlikda 8-10 sm chuqurlikda, markaziy yumshatkich va o‘qyoysimon panja esa 14-16 sm chuqurlikda yuradigan qilib joylashtirilishi zarur. Hammasi bo‘lib kultivatorga kengligi 60 sm bo‘lgan qator oralarini yumshatish uchun 8 juft rotatsion yulduzcha, 21 dona yumshatkich va 5 dona o‘qyoysimon panja, qator oralari 90 sm bo‘lganda 8 juft rotatsion yulduzcha, 29 dona yumshatkich va 5 dona o‘qyoysimon panja o‘rnatiladi.
Shuni aytish joizki, kultivator ancha murakkab agregat hisoblanadi va o‘ziga alohida malakali e’tiborni talab qiladi. Kultivator ishchi a’zolarini to‘g‘ri sozlash uchun maxsus chiziqlar tortilgan tekis gorizontal maydonchadan foydalanilsa, sozlash ishlari osonlashadi va aniqligi ortadi. Buning uchun kultivator sektsiyalarining tayanch g‘ildiraklari ostiga maksimal ishlov berish chuqurlikdan 1-2 sm kam (ya’ni g‘ildirakning tuproqqa botishini e’tiborga olingan) qalinlikdagi yog‘och taxtachalar qo‘yiladi.
- Qator oralaridagi begona o‘tlarni yo‘qotish.Qator oralarida o‘nib chiqqan begona o‘tlarni yo‘qotish maqsadida kultivatorga quyidagi ish organlarni o‘rnatiladi (5-rasm): disksimon (1) yumshatkich – 8 dona (4-tasi chap kesuvchi, 4-tasi o‘ng kesuvchi), nihollardan 5-7 sm uzoqlikda va 6-8 sm chuqurlikda; pichoq (2) lar-8 dona (4-tasi chap kesuvchi, 4-tasi o‘ng kesuvchi), nihollardan 9-10 sm uzoqlikda va 6-8 sm chuqurlikda; o‘qyoysimon (3) panjalar – 5 dona, egatning o‘rtasiga 12-14 sm chuqurlikda.
III. Qo‘shqatorlab ekilgan g‘o‘za qator oralariga ishlov berish.
III.1 – oraliqni qatlamlab yumshatish. Qo‘sh qatorlab 60×30 sxemada ekilgan paykallarda tuproqni qatlamlab yumshatish uchun 60 sm kenglikdagi qator oralig‘iga ikki dona rotatsion yulduzcha (1), besh dona yumshatkich panja (2) va bir dona o‘qyoysimon panja (3), 30 sm kenglikdagi qator oralig‘iga esa bir juft rotatsion yulduzcha joylashtirish maqsadga muvofiq (6-rasm). Bu holda rotatsion yulduzcha nihollardan 3 sm uzoqlikda 4-6 sm chuqurlikda, birinchi juft yumshatkich panjalar nihollardan 15 sm uzoqlikda 4-6 sm chuqurlikda, ikkinchi juft yumshatkich panjalar nihollardan 25 sm uzoqlikda 6-8 sm chuqurlikda, markaziy yumshatkich va o‘qyoysimon panja esa qatorning qoq o‘rtasiga 12-14 sm chuqurlikda yuradigan qilib joylashtiriladi.
1-sferik disk; 2-pichoq; 3-o‘qyoysimon panja.
5-rasm. Qator oralaridagi begona o‘tlarni yo‘qotish uchun ish organlarni joylashtirish sxemasi
1-rotatsion yulduzcha; yumshatkich panja; 3-o‘qyoysimon panja.
6-rasm. Qo‘sh qatorli maydonlarga qatlamlab ishlov berish uchun ish organlarni joylashtirish sxemasi
III.2 – begona o‘tlarni yo‘qotish.
Qo‘sh qatorlab 60×30 sxemada ekilgan paykallardagi begona o‘tlarni yo‘qotish uchun kultivatorning 60 sm kenglikdagi qator oralig‘iga quyidagi ish organlarini o‘rnatish lozim (7-rasm): sferik disk (2) – 2 dona (1-tasi chap kesuvchi, 1-tasi o‘ng kesuvchi), nihollardan 5-7 sm uzoqlikda va 6-8 sm chuqurlikda; pichoq(3)lar – 2 dona (1-tasi chap kesuvchi, 1-tasi o‘ng kesuvchi), nihollardan 9-10 sm uzoqlikda va 6-8 sm chuqurlikda; o‘qyoysimon (4) panja bir dona, egatning o‘rtasiga 12-14 sm chuqurlikda, 30 sm kenglikdagi qator oralig‘iga esa ikki dona rotatsion yulduzcha (1) nihollardan 3 sm uzoqlikda 4-6 sm chuqurlikda.
1-rotatsion yulduzcha; 2-sferik disk; 3-pichoq; 4-o‘qyoysimon panja.
7-rasm. Qo‘sh qatorlab ekilgan maydonlarda begona o‘tlarni yo‘qotish uchun ish organlarni joylashtirish sxemasi
Kengligi 76 sm bo‘lgan g‘o‘za qator oralariga ishlov berish.
Paxtachilik – to‘qimachilik klasterlarining kengligi 76 sm bo‘lgan paxta dalalarida olti qatorli YCMF 7rusumli kultivatorlar ishlatilmoqda.
Mazkur kultivator Turkiya davlatida ishlab chiqarilgan. Turkiyada paxta hosili asosan “Jon-Dir” firmasining mashinalari yordamida terib olinadi. Bu mashinada yonma-yon joylashgan terim apparatlari bo‘ylama o‘qlari orasidagi ko‘ndalang masofa 76-110 sm oralig‘ida rostlanadi. Ko‘rinib turibdiki, mashinabop paxta yetishtirish maqsadida kultivator qator orasining kengligi (76 sm) paxta terish apparati qator orasi kengligining eng minimal qiymatiga tenglab olingan.
Mazkur kultivator ko‘pchilik agroklasterlarda, shu jumladan Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Oqqo‘rg‘on ABS” agroklasterida “Keys Nyu Xolland” kompaniyasining TD 5.110 markali traktoriga osib ishlatilmoqda. Bu traktorning koleyasi (g‘ildiraklar orasidagi ko‘ndalang masofa) 152 sm (76×2), ya’ni to‘rtta g‘ildirakning hammasi qator oralarining o‘rtasida harakatlanadi; dvigatelining quvvati 81 kVt (110 o.k.); shinalar markasi: orqa o‘qda 14,9×24, oldingi o‘qda 18,4×34; agrotirqish kengligi 500 mm (qator oralariga yaxshi joylashadi).
YCMF 7 rusumli kultivator uch nuqtali osish mexanizmiga ega bo‘lib, ko‘ndalang rama(140×100 mm)si to‘rtburchak profildan yasalgan, uzunligi 4800 mm.Kultivator 2 ta tayanch g‘ildiragi, parallelogramm mexanizmlari (2 ta yondosh va 5 ta asosiy), ishchi sektsiyalar, miqdorlagichli o‘g‘it bunkerlari, o‘g‘it o‘tkazgichlar va soshniklardan tashkil topgan.
Ish organlari ishchi sektsiyaga prujinasimon stoykalar bilan mahkamlangan.Har bir g‘o‘za qator orasiga (8-rasm) ikki dona diametri 470 mm bo‘lgan tishli disk, qamrov kengligi 150 mm bo‘lgan besh dona o‘qyoysimon panja va qamrov kengligi 170 mm bo‘lgan bir dona chuqur yumshatkich joylashtirilgan. Tishli disklar marza tepasidagi, o‘qyoysimon panjalar egatning har ikki yonini, chuqur yumshatkich esa egatning qoq o‘rtasini yumshatishga xizmat qiladi. Bunda ish organlar orasidagi bo‘ylama masofa o‘zgarmas bo‘lib, ko‘ndalang masofani rostlash imkoniyati mavjud. Barcha o‘qyoysimon panjalar bir-biriga nisbatan ishlov berish chuqurligi bo‘yicha o‘zgarmas qilib o‘rnatilgan, ya’ni ishlov berish chuqurligini pog‘onali ravishda rostlab bo‘lmaydi. Chuqur yumshatkichni esa pog‘anali (turli chuqurliklarga) rostlash mumkin. Barcha ish organlarning ishlov berish chuqurligi ishchi sektsiya tayanch g‘ildiraklarining ko‘tarib-tushirish yo‘li bilan rostlanadi.
Kultivatorning agrotirqishi o‘simliklarning bo‘yidan kelib chiqib, rama tayanch g‘ildiragi vositasida rostlanadi. Tayanch g‘ildirakning eni 200 mm, diametri 500 mm bo‘lib, o‘rta qismiga xalqasimon disk diametral o‘rnatilgan (9-rasm). Xalqa ish jarayonida tuproqqa to‘la botib harakatlanadi va shu orqali kultivatorning ko‘ndalang tebranishlarining amplitudalarini so‘ndiradi,g‘o‘za nihollarini qatorlarga yaqin joylashgan ishchi organlar tomonidan shikastlanishinioldini oladi hamda kultivatsiyani sifatli bajarilishini va agrotexnik ko‘rsatkichlarni yuqori bo‘lishini ta’minlaydi.
8-rasm. Ish organlarni g‘o‘za qator oralariga joylashtirish sxemasi
9-rasm. Ramaga o‘rnatilgan tayanch g‘ildiragi
G‘o‘zani o‘g‘itlash
Kultivator markaziga o‘rnatilgan tishli g‘ildirak va zanjirlar yordamida harakat miqdorlagichga uzatiladi. Miqdorlagich o‘g‘itni bir me’yorda o‘g‘ito‘tkazgich orqali soshniklarga tashlab beradi. Soshniklar esa o‘g‘itni tuproqqa kerakli chuqurlikda ko‘mib ketadi.
Kultivatorning afzalliklari: traktor bilan tez va oson agregatlanadi;ish organlarni rostlash kam mehnat talab qiladi;barcha ish organlarning ishlov berish chuqurligi bir vaqtda oson rostlanadi;tayanch g‘ildiraklariga halqasimon disk o‘rnatilganligi bois agregatning harakat paytidagi ko‘ndalang tebranishlari kamayadi (nihollar kam shikastlanadi); kultivatorga texnik xizmat ko‘rsatish qulay;ishchi sektsiyalarning ramadako‘ndalangiga pog‘anali surilishi hisobiga qator orasi kengligini 76-60 sm oraliqda rostlash mumkin.
Kelajakda kultivatorga ishchi organlar orasidagi bo‘ylama masofani rostlash, ishchi organlar tomonidan tuproqni qatlamlab yumshatish, namligi kam bo‘lgan tuproqlarda prujinasimon stoykalarning egilishi chegaradan oshib ketganda ishchi organlarning tuproqqa kirish burchagining o‘zgarishi va belgilangan chuqurlikka botmasligini oldini olish, uchinchi va keyingi kultivatsiyalarda g‘o‘za tuplari va hosil elementlarini shikastlanmasligi uchun traktorga diametri katta, lekin eni kichkina g‘ildiraklarni o‘rnatish imkoniyatlarini beradigan yangi texnik yechimlarni joriy maqsadga muvofiqdir.
Maxsus chuqur yumshatkichlarni ishlatish
Yog‘ingarchiliklar ko‘p bo‘lib hamda birinchi ishlov kechikib o‘tkazilishi natijasida ayrim dalalarda tuproq o‘ta zichlashib, begona o‘tlar uchun qulay sharoit yaratilib qoladi.
Bunday dalalarni birinchi navbatda tezkorlik bilan begona o‘tlardan tozalab, qator oralari o‘rtasini 16-18 sm chuqurlikda yumshatib, orqasidan o‘g‘itni berib suv qo‘yilsa g‘o‘zalar tez avjga kiradi. Qator oralarini chuqur yumshatish uchun MTP sharoitida maxsus traktor orqasiga osiladigan ramalarga chizeli yumshatgich ishchi organlaridan 3-donasini o‘rnatib, 16-18 sm chuqurlikda yuradigan qilib sozlansa maqsadga muvofiq bo‘lar edi (10-rasm).
10-rasm. Qator o‘rtasini chuqur yumshatuvchi moslama
11-rasm. Qator oralarini chuqur yumshatuvchi ishchi organ
Agarda bunday moslamani yasash imkoniyati bo‘lmasa kultivatorlarni ishchi organlaridan foydalanilsa ham bo‘ladi. Buning uchun eski ressorlar yoki qamrash kengligi 250 mm bo‘lgan eski britvalarni olib uning pastki qismiga KKO tipidagi naralnikni payvandlab, kultivatorning traktor g‘ildiraklari orqasidan yuradigan gryadillariga mahkamlab ishlatish lozim (11-rasm).
Sug‘orish egatlarini ochish va mineral o‘g‘it solish. Sug‘orish ariqlarini ochish bilan bir vaqtda tuproqqa o‘g‘it solish uchun kultivatorlarga o‘g‘it soshniklari va egatochgichlar o‘rnatiladi. Egatochgichlar qatorlar orasining markazida yuradigan qilib joylashtiriladi. Qator oralig‘i 60 sm bo‘lgan dalalarni birinchi oziqlantirishda o‘g‘it soshniklari qo‘chatlardan 15-18 sm masofada, 12-14 sm chuqurlikka o‘rnatiladi. Ikkinchi o‘g‘itlashda masofa 18-20 sm gacha, chuqurlik esa 14-16 sm gacha oshiriladi. So‘ngi o‘g‘it kombinatsiyalashgan ish organlari yordamida qator oralig‘ining o‘rtasiga beriladi. 90 sm qator oraliqlarida birinchi o‘g‘itlashda soshniklar ko‘chatlardan 15-18 sm, ikkinchi o‘g‘itlashda – 20-22 sm va uchinchi o‘g‘itlashda – 28-30 sm masofada joylashtiriladi. Soshniklarning yurish chuqurligi birinchi o‘g‘itlashda 12-14 sm, keyingilarida – 14-16 sm ni tashkil etadi.
Ma’lumki, g‘o‘zani hosil to‘plash vaqtida o‘tkaziladigan kultivatsiyalarida hosil tugunchalari va ko‘saklarni to‘kmaslik maqsadida kultivatorning ramalari va ishchi organlarning stoykalari himoya vositalari va yumshoq materiallar bilan o‘rab qo‘yiladi.
G‘o‘za hosil shoxlari 12-14 donaga yetganda qator oralarini kultivatsiyalashni g‘o‘za tuplari o‘suv nuqtalarini mexanik chilpish bilan birgalikda o‘tkazish yaxshi samara beradi.
G‘o‘zaning shonalash davrigacha bo‘lgan muddatlarda tuproqdagi namni uzoq saqlab turish uchun qator oralari 90 sm bo‘lganda maxsus moslamalar yordamida 20-25 sm chuqurlikda yumshatiladi, qator orasi 60 sm bo‘lganda yumshatish chuqurligi 18-22 sm atrofida o‘rnatiladi.
Kultivatorni sozlash. Kultivator ip tortilgan yoki sxema chizilgan maxsus tekis maydonchada sozlanadi (12-rasm). Buning uchun birinchi navbatda barcha sektsiyalarning shtangalari gorizontal holga keltiriladi (13-rasm), ish organlari ishlov berish chuqurligi va kengligi bo‘yicha sozlanadi.
Ish organlarini kerakli chuqurlikda yuradigan qilib sozlash uchun kultivator sektsiyalarining tayanch g‘ildiraklari tagiga taxtachalar qo‘yiladi. Bu taxtachalarning qalinligi kerakli ishlov berish chuqurligidan 1-2 sm ga, ya’ni g‘ildiraklarning tuproqqa botish chuqurligiga teng qiymatga kam bo‘lishi kerak.
Shundan so‘ng ish organlari kultivator sektsiyalariga o‘rnatiladi va mahkamlanadi: pichoq, o‘qyoysimon va chuqur yumshatkich panjalarning qirquvchi qirralari maydoncha yuzasiga to‘liq tegib turishi, yumshatkich panjalar esa tumshug‘i bilan tayanib turishi lozim. To‘g‘ri o‘rnatilgan pichoqlarning gorizontal polkasi va o‘qyoysimon panjaning tumshug‘i maydon yuzasi bilan 12-180, chuqur yumshatkich va yumshatkich panjalarning tumshuqlari esa 30-400 burchak hosil qilishi darkor (14-rasm). O‘rnatiladigan barcha ish organlarining kesuvchi qirralari o‘tkir bo‘lishi kerak.
Ish organlarini qator kengligi bo‘yicha sozlash uchun ular ko‘ndalang kvadrat kesimli tutqich bo‘ylab ko‘ndalangiga va qulflar yordamida ustunlar bilan tik yo‘nalishda suriladi. Ustunlarning bukilganligi hisobiga ularni u yoki bu tomonga qaratib, tegishli joyga o‘rnatish mumkin (15, a va b rasmlar).
12-rasm. Kultivatorni ip tortilgan yoki rostlash sxemasi chizilgan maxsus maydonda sozlash tartibi
13-rasm. Kultivator sektsiyasi shtangasini gorizontal holatga keltirish tartibi
14-rasm. Ish organlarini yerga botish burchagi
Yumshatkich, chuqur yumshatkich va o‘qyoysimon panjalarning tuproqqa kirish burchagini o‘zgartirish uchun saqlovchi shplintlar soshnikdagi teshiklarning tegishlisiga o‘tkaziladi, pichoqlarda esa uning boltlari boshqa teshikka o‘tkazib mahkamlanadi (15, v-rasm).
Sektsiyalarni bosib turuvchi prujinalar yumshoq tuproqlarda ishlaganda bo‘shatibroq, zich tuproqlarda esa qisib qo‘yiladi. Ish organlari dala relyefini yaxshi takrorlab borishi uchun sektsiya povodogining yuqorigi stopor halqasi tebratma uchidan 50-75 mm yuqorida turishi kerak.
15-rasm. Ish organlarining ishlov berish chuqurligi (a), kengligi (b) va yerga botish burchaklari (v)ni sozlash tartiblari
Ish organlarning yurish chuqurliklari va g‘o‘za tuplariga nisbatan joylashishlari uzil-kesil dalada sozlanadi.
O‘g‘it solish me’yorini sozlash
Jadvaldagi ma’lumotlar bo‘yicha o‘g‘itlagichlardagi shkalalardan foydalanib barcha apparatlar taxminan bir xil me’yorga keltiriladi (tirqish kattaligi bir xilda sozlanadi). Keyin o‘g‘ito‘tkazgichlar olib qo‘yilib, apparatlar tagiga qopchalar osiladi va agregat 100 m masofani bosib o‘tadi (yoki g‘ildiraklar ko‘tarib qo‘yilib, turgan joyida 100 metr masofaga teng sonda aylantiriladi). Qopchalarga tushgan o‘g‘it miqdori tarozida tortilgach, o‘g‘itlash me’yori quyidagi formula yordamida aniqlanadi:
KMX-65 o‘g‘itlash apparatini o‘g‘it solish me’yoriga sozlash tartibi
Eslatma: suratda – 60 sm li qator oralari uchun, mahrajda-90 sm li qator oralari uchun
Hisoblangan me’yor talab qilinayotgan me’yor bilan taqqoslanadi. Agarda farq 8% dan ortiq bo‘lsa, apparatlarning tirqishlari kengligi o‘zgartiriladi va tegishli me’yorga erishilguncha o‘lchovlar takrorlanadi.
Kultivatorlarni ishlatish tartibi va ularning ish sifatini baholash
Dalaga chiqishdan avval kultivator sektsiyalarni ko‘tarib-tushirish mexanizmining ishlashi, traktorning rul mexanizmi va tormozlarining holati tekshiriladi, kultivatorni moylash amalga oshiriladi.
Traktor ruli lyuftining me’yordan ortiq bo‘lishiga, tormozlarning bo‘sh ishlashiga, moy oqishiga, g‘ildiraklarda himoya shitoklarining bo‘lmasligiga yo‘l qo‘yilmaydi. Sektsiyalarning ko‘ndalang yo‘nalishda har ikki tomonga og‘ishi 15-20 mm dan oshmasligi kerak.
Qator oralariga ishlov berishda kultivator seyalka yurgan izdan yurishi va uning harakat sxemasini takrorlashi darkor. Kultivatorning chetki ish organlari yondosh qator oralarida yurishi lozim.
Kultivatorning birinchi yurishi odatda past tezlikda amalga oshiriladi va ish organlarning ishi kuzatib boriladi. Egat oxirida ish organlar transport holatiga ko‘tariladi. Traktorning bir g‘ildiragi tormozlanib, shunday buriladiki, chetki ish organlar ishlov berib kelingan yondosh qator oralig‘iga tushsin.
Birinchi o‘tishda har bir qator oralig‘ida ishlov berish chuqurligi va himoya zonalari kengligi o‘lchab ko‘riladi. Begona o‘tlarning qirqilishi, g‘o‘za ko‘chatlarining zararlanishi ko‘z bilan baholanadi. Ish organlarning yurish chuqurligi va himoya zonasining kengligi o‘rnatilgan o‘lchamlardan ko‘pi bilan mos ravishda ±1 sm va ±2 sm farq qilishi mumkin. Farq kattaroq bo‘lgan taqdirda qo‘shimcha sozlash amalga oshiriladi. Ishlov berilgan kenglikda begona o‘tlarning qirqilishi 98% kam bo‘lmasligi va g‘o‘za ko‘chatlarining zararlanishi esa 1% dan oshmasligi lozim.
Sug‘orish egatlari qator oralig‘ining qoq o‘rtasidan va barcha qatorlarda bir xil chuqurlikda olinishi kerak. Aks holda keyingi kultivatsiya vaqtida agregatni to‘g‘ri boshqarish qiyin bo‘ladi va ko‘chatlarga ko‘p zarar yetkaziladi.
Yuqoridagilarga to‘la amal qilib g‘o‘za parvarishini sifatli o‘tkazsak, kam xarajat bilan mo‘l hosil yetishtirishga erishamiz.
Manba: http://agro.uz/
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT






