O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari- investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.O‘.Umurzakovning Qoraqalpog‘iston Respublikasida alohida ishlash bo‘yicha topshirig‘i asosida «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida quvvatlardan to‘liq foydalanilmayotgan tikuv-trikotaj korxonalari aniqlanib, faoliyatini tiklash bo‘yicha choralar amalga oshirilmoqda.
Xususan:
Amudaryo tumanida joylashgan «Tamara tekstil» MCHJ korxonasini tegirmon usulida ishlash bo‘yicha Jizzax viloyatida joylashgan «Jizzax Toshtepa» MCHJ korxonasi bilan, shuningdek eksport salohiyatini oshirish maqsadida Ukraina davlatidagi tadbirkorlar bilan hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yildi. Hozirda korxona 25 ta ishchi xizmatchilar bilan faoliyatini boshlagan bo‘lsa, mart oyida ishchilar sonini ikki barobarga oshirish rejalashtirilmoqda. Taxtako‘pir tumanida joylashgan «Taxta sheber qollari“ MCHJ tikuv-trikotaj korxonasini tegirmon usulida ishlash bo‘yicha Toshkent viloyatida joylashgan «Yusteks» MCHJ korxonasi bilan hamkorlik ishlari yo‘lga qo‘yildi. Hozirda korxona 30 ta ishchi xizmatchilar bilan faoliyatini boshlagan bo‘lsa, mart oyida ishchilar soni 100 nafarga yetkazilishi rejalashtirilmoqda.
Ellikqal’a tumanida joylashgan «Guldursun Nafosat» MCHJ korxonasiga Toshkent shahrida joylashgan «Real teks yuniforma» MCHJ korxonasi tomonidan maxsus forma tikish bo‘yicha buyurtma asosida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, korxonada hozirgi kunda ishchilar soni 38 nafarni tashkil etmoqda.
Shu bilan birga «To‘rtko‘l Agro Tekstil Klaster» MCHJ, «Ellikqal’a Teks» MCHJ, «Elbek Allayar Ata» MCHJ, «Akmangit Kamalak» MCHJ, «Mo‘ynoq Porloq Tekstil» va «Platinum Mo‘ynoq» MCHJ korxonalarini ham yirik eksporter buyurtma bilan ta’minlash maqsadida hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, ushbu korxonalarni qisqa muddatlarda ishga tushirish choralari ko‘rilmoqda.
Hududdagi quvvatlardan to‘liq foydalanilmayotgan tikuv-trikotaj korxonalari faoliyatini o‘rganish va ularning faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




