Korxona eksport faoliyati bilan shug‘ullanganda mahsulot ishlab chiqarish uchun qilgan harajatlari, kreditlari valyutasi va mahsulotni xorijga sotishdan tushgan valyutani farq qilish natijasida valyuta kursini o‘zgarishi kabi tavakkalchilikka duch keladilar. Odatda, rivojlangan davlatlarda, eksportchi korxonalar bunday tavakkalchiliklarni valyuta birjasida valyuta juftliklari bo‘yicha fyuchers va optsionlar bilan operatsiyalar qilish orqali kurs o‘zgarishlarini “xejirlash”, kurslarni “qotirish” (fiksatsiyalash) orqali bunday xavflarni kamaytiradi. O‘zbekiston valyuta birjasida bunday mexanizmlar joriy etilmaganligi sababli bizning eksportchi korxonalar bunday usullarda valyuta kurslari o‘zgarishi xavfini bartaraf etish imkoniyatlari cheklangan.
Rossiya bozori bizning to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari uchun eng katta bozorlardan biri bo‘lib, ushbu davlat valyutasi kursini beqaror bo‘lishi korxonalarning valyuta kurslari o‘zgaruvchanligi tavakkalchiligini yanada oshirmoqda. Eksport faoliyatini amalga oshiruvchi to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari valyuta kurslarining o‘zgaruvchanligi oqibatida kurslar farqi, shuningdek eksportdan tushgan valyutani konvertatsiya qilishda tijorat banklari tomonidan taklif etilayotgan konversiya kurslarining eksport kontraktlaridagidan farq qilishi sababli korxonalar foydasini katta qismini yo‘qotmoqda, xattoki zararga kirmoqda.
Bunday tavakkalchilikni kamaytirish maqsadida, korxonalar tomonidan ularning xorijiy hamkorlari eksport uchun to‘lovlarni “so‘m”da to‘lash bo‘yicha taklif kiritayotganligi, buning natijasida valyutani konvertatsiya qilishi bo‘yicha bank xarajatlari yo‘q bo‘lishi, shuningdek kurs o‘zgarishi, konversiya kurslaridagi farq tufayli korxona yo‘qotishlari barataraf etilishini ma’lum qilmoqda.
Biroq, tijorat banklari tomonidan eksport uchun “so‘m”da tushumlar qabul qilinishi, bunday eksport bo‘yicha QQS qaytarilishi, soliq va bojxona imtiyozlari qo‘llanilishi bo‘yicha aniq ko‘rsatma yo‘qligi ta’kidlanmoqda.
Mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan milliy valyuta “so‘m”da eksport amalga oshirish mumkinligi va uni hisobga olish, tijorat banklari tomonidan “so‘m”da to‘lovlarni qabul qilish, soliq organlaridan QQSni qaytarish, bojxona va soliq organlari tomonidan imtiyozlarni qo‘llash bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




