O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi T.Norboyeva Qoraqalpog‘iston Respublikasining Shumanay, Xo‘jayli va Taxiatosh tumanlarida bo‘lib, davlatimiz rahbarining Orolbo‘yiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlis bayonining ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Senat raisi dastlab Shumanay tumanidagi “SHomanay eco teks» mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘ldi.
Qiymati 21 million AQSh dollari bo‘lgan ushbu loyiha joriy yilning mart oyida ishga tushirildi. Bu yerga Shveytsariyaning “Rieter”, “Uster”, Yaponiyaning “Murata”, Turkiyaning “Temsan” firmalarining zamonaviy dastgohlari o‘rnatildi. Natijada 480 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Hozirgacha 4500 tonna mahsulot Pokiston, Xitoy Xalq Respublikasi, Turkiya davlatlariga eksport qilindi.
Yangi korxonaning ishga tushirilishi bilan ko‘plab xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi. Tumanning “Dehqonobod” ovul fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Saltanat Bekniyazova ham ishli bo‘ldi.
-Qo‘ng‘irot kimyo-texnologiya kasb-hunar kollejini 2013 yilda tugatib, ishsiz edim,-deydi S.Bekniyazova.-Biz ham tumanimizda mana shunday korxonaning ochilishini orzu qilar edik. Bugun esa, o‘z mutaxassisligim bo‘yicha ishlab, zamonaviy uskunalarni boshqaryapman. Ishga kelib ketish uchun avtobus ajratilgan. Ishchilar maxsus kiyim-kechak, issiq ovqat bilan ta’minlangan. Ovul ayollariga bunday shart-sharoit yaratib bergan Prezidentimizga minnatdorchilik bildiramiz.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva ishchi xotin-qizlar bilan suhbatlashdi, korxonadagi sharoitlar bilan tanishdi
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT







