Poytaxtimizda “Jahon to‘qimachilik bozorida yangi muvozanat – yangi ishtirokchilar va tendentsiyalar” mavzusidagi Toshkent to‘qimachilik sammiti bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo va Afrika, shuningdek, MDH davlatlaridan 300 dan ziyod taniqli jahon brendlari va riteylerlari, to‘qimachilik kompaniyalari va uyushmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etib, davlatimizda inson huquqini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samara berayotganini qayd etdi. Buni nafaqat xalqimiz, balki xalqaro tashkilotlar ham e’tirof etmoqda. Bir necha kun avval AQSh Mehnat vazirligi tomonidan e’lon qilingan “Bolalar mehnatining eng yomon shakllari” to‘g‘risidagi yillik hisobotda O‘zbekiston eng yuqori ya’ni “muhim o‘zgarishlarni amalga oshirgan davlatlar” qatoriga kiritildi. E’tiborlisi, respublikamiz 131 davlat ichida eng yuqori ko‘rsatkichga ega 9 mamlakati qatoridan o‘rin olgan, “O‘zbekiston juda qisqa vaqt ichida erishgan natijasi va muvaffaqiyati bilan boshqa davlatlar uchun model – namuna bo‘la olishi ta’kidlangan.
Anjumanda to‘qimachilik sohasidagi yutuq va kamchiliklar ham sarhisob qilindi.
Joriy yil mamlakatimiz uchun yana bir muhim voqea yuz berdi – “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan paxta “boykot”i bekor qilindi. Bu voqea O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati rivojini yangi bosqichga ko‘tarilishiga zamin yaratdi.
Ma’lumki, bir necha yil oldin O‘zbekiston xom ashyoni eng ko‘p eksport qiladigan davlatlardan biri sifatida paxtadan yiliga bor-yo‘g‘i 800 million dollar eksport tushumiga ega bo‘lgan. Bugungi kunda O‘zbekiston qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulot eksport qilmoqda. Natijada 2021 yil 3 milliard dollar yoki paxtani xom ashyo sifatida eksport qilingan davrga nisbatan 3 barobardan ko‘p eksport tushumini ta’minlamoqda.
Bugungi kunda milliy to‘qimachilik mahsulotlarimiz dunyo bozoriga olib chiqildi, investitsiya va eksport salohiyati kengaydi, xorijiy investorlar va savdo kompaniyalari uchun mutlaqo yangi, qulay investitsiya muhiti yaratildi.
Hozir paxtani yetishtirish va qayta ishlash, ishlab chiqarish va tayyor mahsulot tikish jarayoni barcha bosqichlarda jahon standartiga javob beradigan darajaga olib chiqilmoqda.
“O‘zTekstilEkspo Kuz-2022” to‘qimachilik va moda sanoati xalqaro ko‘rgazmasining ochilish marosimi sammitning mantiqiy davomiga aylandi.
Kuz mavsumi ko‘rgazmasida Turkiya va Belarus Respublikasi ishlab chiqaruvchilari milliy pavilonlari o‘rnatildi, Rossiya, Xitoy va boshqa mamlakatlarning taniqli ishlab chiqarish kompaniyalari ishtirok etdi. Umuman, 150 dan ortiq korxona mahsulotini xaridorga taqdim etdi.
“Tayyor kiyim” FIT loyihasi ishtirokchilarining moda namoyishi tadbir mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi. O‘zbekistonlik yosh dizaynerlarning yorqin kollektsiyalari ham namoyish etildi.
Sammit doirasida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati – GIZ xalqaro konsalting kompaniyasi “GHERZI” bilan birgalikda O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining mustaqil bahosi – “Uzbekistan Textile Reference Report” hisoboti taqdim etildi.
– O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan paxta mahsulotlari va iaxtadan tayyorlangan kiyim-kechak yuqori sifati bilan ajralib turadi, – deydi “GHERZI” xalqaro konsalting kompaniyasi mutaxassisi Karim Shafiy. – Biz hisobot tayyorlashda juda ko‘p korxona va tashkilotlarga, tegishli idora, vazirliklarga borib kerakli ma’lumot to‘pladik. Shuningdek, Yevropadagi sotib oluvchilar bilan gaplashdik, ularning talab, takliflarini tahlil qildik. Bir qator xalqaro tashkilotlardan ham ma’lumot oldik. Hamma ma’lumotlar o‘rganilib, solishtirilib hisobot tayyorlandi. Tahlil davomida yengil sanoat, to‘qimachilik tarmog‘ini rivojlantirishga hukumat darajasida e’tibor qaratilayotganiga guvoh bo‘ldik. O‘zbekiston Yevropa va Osiyo o‘rtasida joylashgan. Ya’ni, mamlakatingizda bu sohani rivojlantirish, eksport geografiyasini yanada kengaytirish imkoniyati yuqori. Ishonamizki, yaqin kelajakda to‘qimachilik yo‘nalishida mamlakatingiz yanada yuqori natijalarga erishadi.
Mustaqil ekspertlar tomonidan olib borilgan marketing tadqiqoti to‘qimachilik sohasida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga intilayotgan investorlar va brendlarga yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Anjuman doirasida BMT YEIKning “2024 yilgacha O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida barqaror raqamli savdodan foydalanish bo‘yicha korxonalar salohiyatini oshirish” yangi loyihasi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Ushbu loyiha milliy korxonalarni ishlab chiqarish va mahsulotni raqamlashtirish orqali jahon bozoriga jalb etishga qaratilgan.
Go‘zal Sattorova,
O‘zA
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




