Bugungi kunda respublikada kuzatilayotgan sovuq ob-havo sharoiti tufayli hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti bilan bog‘liq korxonalardagi masalalar ko‘p hollarda o‘z yechimini topmoqda. Xususan, korxonalarning energiya ta’minoti joriy yil 20 yanvardan bosqichma-bosqich qayta tiklanishi kutilmoqda.
Soha korxonalarining faoliyatini qayta tiklashda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Uyushmada tashkil etilgan tezkor shtab tomonidan mazkur vaziyat muntazam ravishda o‘rganilib, energiya ta’minotida yuzaga kelayotgan muammolarni mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda tezkor ravishda bartaraf etilishini ta’minlash yuzasidan barcha zaruriy choralar ko‘rilmoqda.
Shuningdek, elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan aholi va ijtimoiy soha ob’yektlarini zaruriy darajada ta’minlash maqsadida, barcha yirik to‘qimachilik korxonalari belgilangan grafik asosida ishlamoqda.
Aytish joizki, joriy yilning 19 yanvar holatiga respublika bo‘ylab jami energiya resurslari ta’minotidagi muammolar bilan bog‘liq 380 dan ortiq korxonalarning 120 ga yaqinida faoliyat vaqtincha to‘xtatilgan. Ushbu korxonalar bilan uyushmaning tegishli bo‘limlari doim aloqada bo‘lib, vaziyatni o‘rganishmoqda va kerakli choralar ko‘rilmoqda.
Mazkur vaziyatni inobatga olgan holda, energiya resurslaridan oqilona hamda samarali foydalanishingiz, shuningdek ushbu jarayonda yong‘in va texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etishingizni so‘raymiz.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




