2023-yilning may oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Toshkent to‘qimachilik haftaligi 20-fevral kuni nemis hamkorlarga taqdim etildi.
An’anaga aylanib, mahalliy va xorijiy kompaniyalar uchun keng imkoniyatlar ochib berayotgan “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining tashabbusi O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoati salohiyatini keng namoyish etish, uning e’tirofini oshirish va mahsulot eksportini kengaytirishga qaratilgan. To‘qimachilik haftaligi doirasidagi tadbirlar mahalliy va xorijiy kompaniyalar uchun aloqalar tarmog‘ini kengaytirish, hamkorlar topish, o‘z kompaniyasini taqdim etish va global miqyosga chiqish imkonini beradi.
Germaniya trikotaj konfederatsiyasi va Shtutgart Savdo-sanoat palatasi yordamida Germaniya to‘qimachilik sanoati uyushmasi tomonidan tashkil etilgan vebinarda To‘qimachilik haftaligining keng imkoniyatlari taqdim etildi.
Tadbirda Germaniya to‘qimachilik sanoatining 30 dan ortiq korxona va tashkilotlari ishtirok etdi. So‘zga chiqqanlar hamkorlik yo‘nalishlari haqida so‘z yuritar ekan, ishtirokchilar e’tiboriga O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati, uning kuchli va afzal tomonlari haqidagi faktlarni taqdim etdilar.
Xususan, Germaniya trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar konfederatsiyasi direktori Silviya Yungabauyer O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalari va “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bilan hamkorlik doirasida muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar haqida gapirdi.
“Iteca Exhibition” loyihalari direktori Gullola Nodirxonova “UzTextileExpo” xalqaro ko‘rgazmasi nima uchun xaridorlar va tashrif buyuruvchilarda qiziqish tug‘dirayotgani, aynan ushbu ko‘rgazma nega Yevropa kompaniyalarida katta qiziqish uyg‘otayotgani haqida so‘zlab berdi.
Ayni paytda ko‘rgazma yiliga ikki marta o‘tkazilib, unga 20 dan ortiq davlatdan 12 mingdan ortiq mehmonlar tashrif buyurishadi. Ko‘rgazma jozibadorligi – unda butun zanjir – ipdan tayyor mahsulotgacha taqdim etilganidir.
2023-yilda ko‘rgazmada ilk bor Germaniya milliy paviloni tashkil etiladi. Bu mahalliy kompaniyalar uchun Yevropa Ittifoqiga eksport hajmini oshirish uchun yana bir imkoniyatdir.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




