O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 dekabrdagi “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini jadal rivojlantirish” haqida 5285-sonli Farmoni orqali “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tashkil etildi. Farmonning asosiy maqsadi — to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish yuqori qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqarish ustuvor vazifasi sifatida belgilandi. Ushbu davrdan To‘qimachilik sanoati rivojlanishida O‘zbekiston va xalqaro tajribani qamrab olgan yangi davrga qadam qo‘yildi.
To‘qimachilik sanoatini isloh qilish O‘zbekistonning 2016 yilda boshlangan. Yangi 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib, Yangi O‘zbekiston qurilishida flagman soha sifatida belgilandi. Bu albatta bejiz emas. Ming yillik an’ana va tajribaga asoslangan sanoat Respublika iqtisodiyotining rivojlanishida muhim rol o‘ynamoqda, jumladan byudjet daromadlarining oshishi, xorijiy sarmoyalarni jalb etish, aholi bandligini ta’minlash va turmush tarzini yaxshilash, hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish va eksportni rivojlantirishda yetakchi hisoblanadi.
Bunga quyidagi raqamlar misol bo‘la oladi: 2021-yilda ishlab chiqarish mahsulotlari eksportining (oltin eksportidan tashqari) 2017 yilga nisbatan 64,7 foizga o‘sishi, bunda to‘qimachilik sanoatining ulushi eng yuqori – 41,5%ni tashkil etgan (undan so‘ng metallurgiya – 24,4%, kimyo sanoati – 11,4% va mashinasozlik – 9% o‘rin egallagan). Pul ko‘rinishida esa eksport 3 barobar ko‘payib, 2016 yilda – 1,0 milliard dollar va 2021 yilda 3,05 milliard dollarni tashkil etdi.
Uyushmaning 5 yillik faoliyatini sarhisob qilar ekanmiz unda qo‘yidagi yutuqlarni belgilash mumkin.
✔️ 1) Xalqaro e’tirof: Paxtachilikda barqarorlik va shaffoflik. Prezidentimiz tomonidan to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishda paxta-to‘qimachilik klasteri tizimini keng joriy qilish ustuvor yo‘nalish etib belgilandi. Islohotlar amalga oshirilishi natijasida majburiy mehnat omillari qiska davr ichida to‘liq bartaraf etilishi, deyarli, chorak asr davom etgan “paxta boykot”i o‘z kuchini yo‘qotgani va bunday natija hech bir davlat tarixida bo‘lmagani Yevropa va AQSh xukumatlari va ekspretlari tomonidan e’tirof etildi. Bu eng avvalo xalqaro tashkilotlarning O‘zbekiston bilan ishlashga qiziqishini ortirdi. Joriy yilning noyabr oyida Better Cotton tashabbusi rasman O‘zbekistonda ish boshlaganini e’lon qildi va O‘zbekiston “yaxshi paxta” yetishtiruvchi davlatlar qatoridan o‘rin egalladi. Klaster modeli paxtachilik va qishloq xo‘jaligida revolyutsion o‘zgarishlarga olib keldi: paxta dalalari qisqartirilishiga qaramay, hosil unumdorligi oshirildi, texnikalar yangilandi, yer maydonlarining 20% da suv tejash tizimi joriy etildi. Xalqaro to‘qimachilik sanoati ishlab chiqaruvchilari federatsiyasining axborotiga ko‘ra, O‘zbekiston texnologik parki yangilanishida kuchli 10 ta davlatlar sirasiga kiritildi.
Xalqaro maydonda O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatidagi islohotlar tan olinishi eng avvalo brendlar bilan ishlashni jadallashtirishga olib keldi. GSP+ preferentsiyalari taqdim etilishi Yevropa va Buyuk Britaniya davlatlariga global ishlab chiqarish zanjiriga kirish imkoniyatini yaratdi. 5 yil avval mavjud eksportni 3 barobarga oshirish xaqida gap yuritilsa, bir ertakday ko‘ringan bo‘lsa, hozirda 10 barobarga oshirish maqsadi tarmoq korxonalari uchun yaqin marraga aylandi. O‘zbekiston geografik joylashuvi va siyosiy qarashlar tufayli hamkorlik uchun “noqulay” davlatdan Yevropa va Osiyo davlatlari uchun barqaror resurs markaziga aylandi. Italiya, Ispaniya, Angliya, Germaniya, Polsha, Frantsiya, Turkiya, AQSh kabi davlatlarning 100 dan ortiq brendlariga mahsulot yektazib berilishiga olib keldi. Diesel, Tendam, Inditex, El Corte, Engelberg Straus, The North Face, Collins, S.Oliver, LC Waikiki, De Facto, Piere Cardin, Falke kabi brendlar do‘konlarida o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlari sotilmoqda.
✔️ 2) MDH mintaqasining to‘qimachilik sanoati markazi. O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatida olib borilayotgan isloxotlar o‘z samarasini berishni boshladi. Qisqa vaqt ichida erishilgan yutuqlar tanlangan strategiyaning to‘g‘ri ekanligini tasdiqladi. O‘rta Osiyo mintaqasida to‘qimachilik sanoatining O‘zbekiston modeli joriy qilinishi boshladi. Mahalliy korxonalar tomonidan so‘ngi 5 yil mobaynida respublikaning barcha hudularida 350 dan ortiq yangi to‘qimachilik sanoati korxonalarini tashkil etildi. Shu bilan birga, qo‘shni Tojikiston (“Zelal Tekstil”), Qozig‘iston (“Astera tekstil”), Qirg‘izston (“Art Soft”) kabi davlatlarda to‘qimachilik korxonalari tashkil etilishi boshlandi. Paxta-to‘qimachilik klasteri modeli Ozarbayjon Iqtisodiyot vaziri va ishchi guruh tomonidan o‘rganildi va o‘zbek investorlarini Hukumat qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi. Gruziya uchun to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishda O‘zbekiston hamkor sifatidi o‘rganilmoqda va turli portlarida to‘qimachilik korxonalari ochish va Yevropa bozoriga O‘zbekiston uchun xab bo‘lish taklifi mahalliy korxonalar tomonidan o‘rganilmoqda. O‘zbekiston MDH davlatlari uchun asosiy to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib beruvchi davlat ham hisoblanadi. Mamlakat eksportining 52% MDH davlatlariga to‘g‘ri keladi. Ayni damda, Toshkentni Markaziy Osiyo Fashion-markaziga aylantirish ishlari olib borilmoqda.
✔️ 3) Barqaror ishlab chiqaruvchi: muqobil energiya, atrof muhit, munosib mehnat. O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining so‘ngi yillarda erishgan ulkan yutuqlaridan biri bu ishlab chiqarishda barqaror va shaffoflikni joriy etilishidir. Xalqaro standartlaring joriy qilinishi, mehnat sharoitlarini yaxshilanishi, ishlab chiqarishda atrof-muhit, ekologiya, odam sog‘ligiga zararli ta’sirini kamaytirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Uyushma joriy yilning o‘zida 5 dan ortiq xalqaro tashkilotlar va tashabbuslarga a’zo bo‘ldi va ijtimoiy javobgarlikni kuchaytirdi.
To‘qimachilik sanoati elektr energiya ko‘p iste’mol qiluvchi soha hisoblanadi. 2022 yilda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2017 yilga nisbatan 3,1 barobarga ortishi natijasida, elektr energiyasi iste’moli 2,5 barobarga, tabiiy gaz iste’moli esa 2,6 barobarga ko‘paygan.
Shu bilan birga, soha korxonalari tomonidan energiya resurslarini tejash, ulardan oqilona hamda samarali foydalanish bo‘yicha tizimli ravishda ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, 2017-2022 yillarda to‘qimachilik sohasida amalga oshirilgan investitsiya loyihalarida yangi turdagi zamonaviy va energiya tejamkor texnologiyalar o‘rnatilishi hamda korxonalarda mavjud bo‘lgan eski turdagi dastgohlar modernizatsiya qilinishi natijasida, 2022 yilga kelib sohada 1,0 mlrd.so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish uchun sarflanadigan elektr energiya hajmi 67,4 ming kVt.soatni, tabiiy gaz esa 6,4 ming m3 ni tashkil etib, ushbu ko‘rsatkichning 2017 yilga nisbatan 23,5 foizga kamayishiga erishildi.
✔️ 4) Eng yirik ish beruvchi: Hozirda, resublika bo‘ylab 12 ming dan ortiq to‘qimachilik sanoati korxonalari mavjud bo‘lsa, 5 mingdan ortig‘i tayyor kiyim-kechak mahsulotlarini yetishtirishga qaratildi. O‘z navbatida, to‘qimachilik sanoati inson kuchi talab qiladigan soha ekani hisobga olinsa, 450 mingdan ortiq kishi sohada ish bilan ta’minlangan, ularning 80 foizga yaqini ayollardir. Yangi loyihalarning ishga tushirilishi bilan bu ko‘rsatkichlar muttasil ortib bormoqda. Joriy yilda 86 to‘qimachilik korxonasining ochilishi natijasida 23 mingdan ortiq kishi doimiy ish bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, olib borilgan o‘rganishlar natijasida 35 mingdan ortiq vakansiyalar to‘qimachilik sanoati korxonalari mavjud ekanligi aniqlandi, va bu raqam kun sayin ortib bormoqda. Sohaning rivojlanishi xalqimizni ish bilan ta’minlashga, turmush tarzini va farovonligini yaxshilashga olib kelmoqda. Munosib mehnat shartlarini yaratish va mexnatga munosib xaq to‘lash tamoyillariga asosan hozirda o‘rtacha ish xaqi 2,0-5,0 mln.so‘mga oshishiga olib keldi.
Kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida, Germaniyaning tajribasi o‘rganildi va tajriba sifatida Toshkent shahri Olmazor tumanida joylashgan kasb-xunar kollejida dual ta’lim tizimi joriy etildi. Bir qator viloyatlarda monomarkazlar va muvofiqlashtirish markazlari ishga tushirildi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




