Kecha Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi tomonidan Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda «Munosib mehnat orqali barqaror rivojlanish sari» mavzusida videokonferentsaloqa shaklida “davra suhbati” o‘tkazildi.
Senat axborot xizmati ma’lum qilishicha, tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva, Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktorining yordamchisi X.Koller, vazirlik va idoralar rahbarlari chiqish qildi.
“Davra suhbati”da O‘zbekistonda aholi bandligini ta’minlash, barqaror va munosib ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan milliy bandlik dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, munosib va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish hamda Davlat mehnat inspektsiyasini institutsional rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir davomida ishtirokchilar mamlakatimizda pandemiya sharoitida aholini ijtimoiy himoya qilish, ularning muammolarini o‘rganish va bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish borasida ko‘rilayotgan choralar haqida xabardor qilindi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olish yuzasidan ko‘rilayotgan choralarning samaradorligi, shuningdek, XMT tomonidan 2020 yilda paxta-yig‘im terimi mavsumi davomida o‘tkazilgan “Uchinchi tomon monitoringi” natijalari ham muhokama qilindi.
Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlari O‘zbekiston 2020 yilda ham paxta yig‘im-terimi mavsumi davomida tizimli bolalar mehnatidan umuman foydalanmayotganligi to‘g‘risidagi xulosalarida qat’iy qolishini, majburiy mehnatning butunlay bartaraf etilishida sezilarli natijalarga erishilganligi hamda fuqarolarni majburiy mehnatga tizimli jalb etish holatlari qayd etilmaganligini bildirdilar.
Shu bilan birga, 2020 yilda mamlakatimizda majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyat, xususan, Jaxon banki, Yevropa ittifoqi, «Kotton kampeyn» xalqaro koalitsiyasi, «Xyuman Rayts Votch» xalqaro nodavlat tashkiloti vakillari, AQSh, Germaniya va Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchilari tomonidan yuqori baholandi.
“Davra suhbati” davomida ekspertlar tomonidan mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar bilan birga faoliyatni yanada takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Shuningdek, bolalar mehnati va majburiy mehnatni butunlay bartaraf etish maqsadida Xalqaro mehnat tashkiloti va tegishli xalqaro tashkilotlar, xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari bilan yaqin hamkorlikni davom ettirish, anjuman davomida bildirilgan taklif va tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqishga kelishildi.
Manba: Dunyo» AA
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




