Yig‘ilishda kelgusida barcha soha va tarmoqlar faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqilishi hamda davlat tashkilotlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqish va ushbu yildan oylik, chorak va yillik KPI belgilanishi ta’kidlandi.
Iqtisodiy kompleksda mavjud 40 nafar rahbar o‘rinbosarlarida zamonga munosib fikrlash yetishmayotganligi tufayli ularning sonini 15% ga qisqartirish bo‘yicha taklif kiritishga topshiriq berildi.
Prezident joriy yilda YAIMni kamida 6% ga ko‘paytirib, 100 mlrd. doll. yetkazish reja qilingan. Bu yil iqtisodiy kompleks rahbarlari va barcha davlat korxonalari uchun tannarxni qisqartirish va samaradorlik yili bo‘lishi aytildi. Bundan buyon, sanoatda qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari birinchi galda yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan va bozori bor mahsulotlar uchun beriladi. Mas’ullarga 2024 yilda qo‘shilgan qiymatni 45% dan oshirish, tannarxni 15% ga kamaytirish, umuman, sanoatda 7% o‘sishni ta’minlash bo‘yicha korxonabay chora-tadbir tasdiqlab, amalga oshirish topshirildi.
Yirik tarmoqlarda tannarxni 20 trln. so‘mga, debitor qarzdorlikni 8 trln. so‘mga kamaytirish zarurligi, qanday qilib tannarxni kamaytirish, qo‘shilgan qiymat va mehnat unumdorligini oshirish hamda yangi imkoniyatlarni ishga solish mumkinligini ko‘rsatib berish vazifasi qo‘yildi.
Soliq tizimi va soliqchilar faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish vaqti kelgani va soliq qarzdorligi bilan ishlash bo‘yicha Qo‘mita qoshida Soliq qarzini undirish inspektsiyasi tashkil etilib, unga Majburiy ijro byurosida mavjud vakolatlar beriladi. Buning hisobiga, tumanlardagi qo‘shimcha 200 nafar soliqchini “mahallabay” ishlash tizimiga o‘tkazish imkoni bo‘ladi.
– Bugungi kundagi eng dolzarb masala, bu – yashirin iqtisodiyot, bu, avvalambor, to‘g‘ri ishlayotgan tadbirkorlar faoliyatiga katta to‘siq bo‘layapti. Bugungi kunda intizomli tadbirkorlar “qani adolatli raqobat” degan haqli e’tirozlarini ko‘p-ko‘p aytayapti” – dedi davlat rahbari. Shu maqsadda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti faoliyati kuchaytiriladi.
– To‘g‘ri ishlayotgan, tushumlarini to‘liq ko‘rsatib, soliqlarini o‘z vaqtida to‘layotgan tadbirkorlar bir narsadan hotirjam bo‘lsin. Bunday tadbirkorlarni biz har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni davom ettiramiz – dedi Prezident yig‘ilishda.
Davlat rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, tadbirkorlarning ochiq-oshkora reytingi ishlab chiqildi. Endi ular faoliyatiga soliqchilar baho bermaydi, rag‘batlantirish choralari ham reyting asosida belgilanadi.
Reytingi yuqori tadbirkorlar uchun:
– barcha soliq tekshiruvlari bekor bo‘ladi;
– qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi bir kunda tekshiruvlarsiz qaytarib beriladi (hozir 7 kundan 30 kungacha);
– boshqa soliq turlari bo‘yicha ortiqcha to‘lov summasi uch kunda qaytarib beriladi (hozir 15 ish kunida);
– tovarlarni import qilishda va sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini bojxona va soliq organlarida o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi;
– tumanlarda auktsionda olingan davlat aktivlari va yer uchastkalari qiymatini bo‘lib to‘lash muddati 3 yildan 5 yilgacha uzaytiriladi.
Har bir tadbirkor real vaqt rejimida o‘z o‘rni va bahosini bilib boradi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




