O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzovov hamda Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Prezidenti Odil Reno-Basso o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu uning Bank rahbari sifatida O‘zbekistonga ilk tashrifidir.
Tadbirda YETTB va O‘zbekiston o‘rtasida ustuvor yo‘nalishlardagi hamkorlikning hozirgi holati va aloqani chuqurlashtirish istiqboli muhokama qilindi.
Xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni kengaytirish, mamlakat iqtisodiyotining barcha tarmoqlarida ekologik toza energiya va resurslari bilan bog‘liq yechimlarni ilgari surishga qaratilgan YETTBning 2018-2023 yillarga mo‘ljallangan Mamlakatlar strategiyasini amaliyotga joriy qilish bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi.

Investitsiya hamkorligining joriy holati o‘rganildi. Hozirgi kunda YETTB moliyaviy resurslarini jalb qilgan holda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlarning umumiy qiymati 1,7 milliard yevroga teng 57 loyihadan iborat. Tomonlar ushbu loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha keyingi qo‘shma harakatlarni muhokama qildilar. Shuningdek, Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida imzolanishi rejalashtirilgan yangi loyihaviy tashabbuslarning muhim jihatlari ko‘rib chiqdilar.
To‘qimachilik sanoatida kooperatsiyani faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi. YETTB Prezidenti “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan o‘zbek to‘qimachiligiga e’lon qilingan boykot bekor qilinishini olqishlab, O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishga xorijiy xususiy sektor kompaniyalarini jalb etishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
YETTB Boshqaruvchilar Kengashining shu yil Marokashda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yillik yig‘ilishi bilan bog‘liq masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Mazkur anjuman doirasida O‘zbekistonning investitsiyaviy istiqboliga bag‘ishlangan alohida sessiya tashkil etishga kelishib olindi. O‘shanda xalqaro hukumat va ishbilarmon doiralar vakillari e’tiboriga mamlakatimizning tarmoqlar va hududlar kesimidagi investitsiyaviy va iqtisodiy salohiyati to‘g‘risida ma’lumot taqdim etiladi.

Uchrashuv kun tartibida YETTB faoliyatini O‘zbekiston hududlarida kengaytirish, jumladan, hududlar iqtisodiy xususiyati va salohiyatidan kelib chiqib, 3 ta manzilli infratuzilma va sanoatni rivojlantirish rejasi ishlab chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Bunda tanlangan loyihalarni amalga oshirish uchun YETTB tomonidan moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatilishi nazarda tutiladi. Loyihalarni ishlab chiqish va tanlash Bank mutaxassislari tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida mamlakatning har bir hududida tashkil etilgan “loyiha guruhlari” bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Shuningdek, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish sohasidagi o‘zaro munosabatni chuqurlashtirish istiqboli muhokama qilindi. YETTB Prezidenti Bank tomonidan gender tengligi masalasini hal etish bo‘yicha loyiha va dasturlarga investitsiyani ko‘paytirish, umumiy investitsiya hajmidagi ulushini 40 foizgacha oshirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Shu nuqtai nazardan Bank rahbariyati “Ayollar biznesda” dasturini kengaytirish va xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun mamlakatimiz tijorat banklariga maqsadli kredit liniyalari taqdim etish orqali O‘zbekistonda ayollar huquq va imkoniyatini qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga tayyorligini bildirdi.

Konstruktiv muloqot chog‘ida “yashil” energetika, tog‘-kon sanoati, transport, farmatsevtika sohalarida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va qo‘shma loyihalar sonini ko‘paytirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida muzokara chog‘ida muhokama qilingan qo‘shma dastur va tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha navbatdagi sa’y-harakatlar belgilandi.
O‘zA
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




