O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2022-yil noyabr oyi oxirida Frantsiyaga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirishga turtki bo‘ldi. Yevropa davlatlari, xususan, Frantsiya bilan iqtisodiy faoliyatning faollashuvi O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati uchun keng ko‘lamli imkoniyatlar ochmoqda.
Frantsiya haqida gapirar ekanmiz, birinchi navbatda yuqori moda va moda namoyishlarini, shuningdek, moda sanoatining jahon poytaxti bo‘lgan Parijdagi Premiere Vision ko‘rgazmasini o‘z ichiga olgan mashhur ko‘rgazmalarni tasavvur qiladi.
Première Vision – 50 yillik davomida moda mutaxassislarini birlashtirgan va ularning biznesini rivojlantiradigan global tadbir hamda butun dunyo bo‘ylab yetkazib beruvchilarning yangi mahsulotlari va innovatsion yechimlarini yoritadigan, shuningdek, dizaynerlar va ijodkorlarni kelajakdagi kollektsiyalari uchun manba izlashda qo‘llab-quvvatlovchi noyob tadbirdir.
Joriy yilda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi va MIPT huzuridagi Eksportni qo‘llab-quvvatlash agentligi yordamida mamlakatimizning uchta yirik korxonasi – “Ideal Garments”, “Osborn Textile” va “BCT” ilk bor Première Visionda o‘z stendlari bilan ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan respublikamizning amaldagi qonunchiligiga muvofiq “Yagona darcha” xizmati faoliyat yuritadi, u boshqa xizmatlar qatorida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarining sanoatning xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etishiga ko‘maklashish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi.
O‘zbek to‘qimachilik sanoati mahsulotlari soha mutaxassislarida ma’lum qiziqish uyg‘otdi. Masalan, Ideal Garments o‘z mahsulotlarini ODCP brendiga tanishtirdi, Italiyaning Carnet brendi uchun matolarni yetkazib berishni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdi, Sabastian Pegani bilan o‘z mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni imzolashdi.
Ko‘rgazma davomida O‘zbekistonning to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatining 11 ta yetakchi ishlab chiqarish korxonalari Parij va Lion shaharlarida joylashgan brendlar, riteylerlar va xaridorlar bilan o‘z mahsulotlari namunalari bilan V2V uchrashuvlarini o‘tkazdi.
Jumladan, ko‘rgazma doirasida O‘zbekistonning Frantsiyadagi elchixonasi yordamida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi tomonidan Parij va Lion shaharlarida Lacoste, Sandro, ODCP, Lener Cordier, Texeurop, Hermès, Blanc d’Intérieur, Cotton and Silk, Alm-Halbout, Dualest, Globalliances, SubdeMod kabi brendlar, riteyler va mintaqadagi ta’lim muassasalari ishtirokida biznes-forum tashkil etilib, bir qator savdo shartnomalariga erishildi. Xususan, Sandro brendi “Iftixor kiyim sanoat”ga ilk buyurtmasini berishga tayyorligini bildirdi, Yustex frantsuz xaridori Davose bilan mahalliy bozorda trikotaj mahsulotlarini sotish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Shu qatorda Lener Cordier o‘z ishlab chiqarishini O‘zbekistonga ko‘chirish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi, jahondagi mashhur Lacoste brendi bilan yaqin kelajakda hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun videokonferentsiya tashkil etiladi, TexEurop O‘zbekiston sanoati korxonalari bilan savdo aloqalarini kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi delegatsiyasi ko‘rgazma rahbariyati bilan olib borilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning kelgusi tadbirlarda ishtirokini kengaytirishga kelishib oldi, ayni paytda o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini Frantsiya bozorida ommalashtirish maqsadida yirik savdo omborini tashkil etish taklif etildi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston to‘qimachilik delegatsiyasi Yevropadagi eng yirik mato va tayyor kiyim ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan va Deveaux, Armand Thiery, Ecce i Jacqueline Riu larni o‘z ichiga olgan “Deveaux” ga tashrif buyurdi. Kompaniya rahbariyati milliy “Art Soft Holding”, “Aisha Home Textile” va “Sam Rafoat Tekstil” korxonalari tomonidan taqdim etilgan momiq mahsulotlariga qiziqish bildirib, ularni o‘rganganidan keyin ushbu korxonalarga buyurtma berishadi. Bundan tashqari, tajriba almashish doirasida Frantsiya tomoni o‘zbekistonlik mutaxassislarning o‘z korxonasida malakasini oshirish bo‘yicha taklifni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. SubdeMod biznes maktabi ham mamlakatimiz mutaxassislarining qisqa va uzoq muddatli kurslarda malakasini oshirish bo‘yicha o‘z taklifi bilan chiqdi.
Shuningdek, tadbirda Lion kino sanoati vakillari ishtirok etib, O‘zbekiston to‘qimachilik tarmog‘ini keng targ‘ib qilish maqsadida Yevropada hujjatli film suratga olish va uni keng targ‘ib qilish taklifi bildirildi.
Alohida ta’kidlash joizki, Yangi O‘zbekistonda soha korxonalari ishlab chiqarishni rivojlantirish, o‘z mahsulotlarini jahon bozorlariga olib chiqish uchun katta imkoniyatlarga ega bo‘lmoqda.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




