Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Obod qishloq» dasturiga kiritilgan Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi Eshonobod qishlog‘ida zamonaviy tikuv-trikotaj korxonasi ishga tushdi.
Aholini, ayniqsa, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash orqali ularning turmush farovonligini oshirish «Obod qishloq» dasturining bosh maqsadlaridan biri.
Endilikda qishloqda yashovchi chevarlar zamonaviy tikuv korxonalarida mehnat qilib, ro‘zg‘origa baraka kiritmoqda.
Olis bir hududda markazdagidan aslo qolishmaydigan korxona qurilgani, ikki smenada 500 nafar xotin-qiz tomonidan zamonaviy andozalar asosidagi kiyimlarni tikilayotgani, mahsulotlarni eksportga chiqarish ham boshlangani mehmonlar tomonidan e’tirof etildi.
Ahamiyatlisi, shu yerda xotin-qizlarga tikish-bichish sir-asrorini o‘rgatuvchi 200 o‘rinli zamonaviy o‘quv markazi ham ish boshladi. Korxona oyiga 6 ming dona kiyim-kechak tayyorlash quvvatiga ega.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




