O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida «O‘zbek to‘qimachiligi: Britaniya bozori uchun yangi imkoniyatlar» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Mamlakatimizning Londondagi diplomatiya missiyasidan ma’lum qilishlaricha, tadbirda Buyuk Britaniyaning rasmiy va ishbilarmon doiralari, moda sanoatiga ixtisoslashgan kompaniyalari vakillari, dizaynerlik brendlari egalari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yonas Astrup davra suhbati ishtirokchilaridan biri sifatida ma’ruza qildi.
Britaniyalik ishtirokchilar uchun diplomatiya missiyasi tomonidan O‘zbekistondagi keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari va to‘qimachilik mahsulotlari eksportchilarini qo‘llab-quvvatlash, sarmoyaviy va savdo salohiyatiga bag‘ishlangan kengaytirilgan taqdimot tashkil etildi.
Ma’ruzachilar O‘zbekistondagi yangilanish jarayonini, xususan, iqtisodiyotni liberallashtirish vazifalarini olqishlash barobarida respublikaning majburiy mehnatga barham berish, iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya qilish va eksportni rag‘batlantirish borasidagi sa’y-harakatlari hamda yutuqlarini yuksak baholadi.
O‘zbekistonning yaqinda Buyuk Britaniyaning Preferentsiyalar bosh tizimining Kengaytirilgan sxemasi (“GSP Enhanced framework”)da benefitsiar maqomini olgani o‘zbek mahsulotlarini Britaniya bozoriga yetkazib berish uchun yangi imkoniyatlar ochishi ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda G‘arb moda va dizayn sanoatining alohida e’tiborini qozonayotgan o‘zbek to‘qimachiligi mahsulotlari, xususan, ikat va so‘zana davra suhbati qatnashchilarining diqqat markazida bo‘ldi.
Britaniyaning «Fashion Tours London» va «Co Pear Ltd» ixtisoslashgan kompaniyalari Buyuk Britaniyada «New Vision for Uzbek Textile» axborot aktsiyasini boshlash bo‘yicha qo‘shma tashabbusni e’lon qildi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




