Prezident raisligida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash va narx-navo barqarorligini saqlash masalalari bo‘yicha selektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Jumladan, Davlat rahbari qo‘yidagilarni ta’kidladi:
— Respublikamizda sanitariya-epidemiologik vaziyat asta-sekin barqarorlashib borayotganini hisobga olib, mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda, karantindan bosqichma-bosqich chiqish bo‘yicha navbatdagi qadamlarni qo‘yish vaqti keldi.
Chunki hayot davom etmoqda.
Birinchidan, sanitariya-epidemiologiya holatining ijobiy dinamikasi, ob-havo sharoiti va fuqarolarning ko‘plab murojaatlarini inobatga olgan holda, shahar va tumanlardagi ko‘p qavatli uylarning ichki hovli va hududlarida ota-onalar hamrohligida bolalarini sayr qildirishga ruxsat berish kerak. Bunda xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilish talab etiladi.
Ikkinchidan, pishib yetilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari nobud bo‘lishining oldini olish maqsadida aholi talablaridan kelib chiqib, fermer va dehqonlarimiz tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavot, poliz va ko‘kat mahsulotlarini joylarga yetkazish va sotish uchun viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirishga ruxsat berish lozim.
Uchinchidan, aholi orasida kasallikka chalinish dinamikasi pasayib borayotganini inobatga olib, fuqarolarimiz tomonidan shaxsiy avtotransportdan foydalanishga cheklovlarni ham sekin-asta yumshatish maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.
Respublika komissiyasi tegishli cheklovlar o‘rnatilgan hududlarda aholi tomonidan ertalab soat 7:00 dan 10:00 gacha hamda kechqurun 17:00 dan 20:00 gacha shaxsiy avtomashinalardan foydalanishga ruxsat berilishini ta’minlasin.
Shu bilan birga, hurmatli olimlarimizga, ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlariga, professor-o‘qituvchilarimizga sanitariya-gigiyena normalarini ta’minlagan holda o‘z laboratoriya va kafedralarida kundalik ishlarini davom ettirishlariga ijozat berish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Albatta, vaziyatimiz yaxshilanib, ijobiy tomonga o‘zgarib borishi bilan, 10 maydan keyin biz karantin rejimini bosqichma-bosqich yumshatishga qaratilgan ishlarimizni yanada dadilroq davom ettiramiz.
Lekin takror va takror aytaman: hamma joyda sanitariya talablariga amal qilishga birinchi darajali masala deb qarashimiz kerak.
https://uzts.uz//uzts.uz//www.youtube.com/watch?v=sKMdAnpJ5UQ
Manba: https://uzts.uz//uzts.uz//president.uz/uz/lists/view/3526
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




