Mustaqilligimizning 29 yilligi bayrami arafasida 6 ta to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalari foydalanishga topshirilishi natijasida 2700 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Bugungi kunda respublikaning deyarli barcha hududlarida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishning yangi quvvatlari yaratilmoqda.
Ushbu tashkil etilayotgan korxonalar Mustaqilligimizning 29 yilligi bayrami arafasida ishga tushirilishi yurtdoshlarimiz uchun bayram tuhfalaridan biri bo‘ldi.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqala tumanida «Buston Optimal tekstil» MCHJ tomonidan ip kalava, bo‘yalgan ip kalava va momiq mato ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi. Ushbu korxona jahondagi yetakchi ishlab chiqaruvchilardan biri bo‘lgan Belgiya davlatining “Picanol” kompaniyasidan keltirilgan zamonaviy to‘quv dastgohlari hamda Yevropa davlatlarida ishlab chiqarilgan zamonaviy dastgohlar bilan jihozlandi hamda 300 dan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.
Bundan tashqari, respublikamizning to‘qimachilik sanoati kam rivojlangan tumanlarida bugungi kunda yangi korxonalar tashkil etilib, foydalanishga topshirildi.
Bular, Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida «Mustahkam tekstil», Baliqchi tumanida «Skorton tekstil», Oltinko‘l tumanida «Yaxshi niyat tekstil», Navoiy viloyatining Karmana tumanida «Betlis Madaniyat» hamdaXorazm viloyatining Urganch shahridagi «Oq oltin mega tekstil» korxonalaridir.
Xususan, Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanining chekka qishlog‘ida joylashgan «Mustahkam tekstil» korxonasi tomonidan tayyor trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yirik korxona ish boshladi. Loyiha qiymati 3 mln. dollarni tashkil etgan ushbu korxona yiliga 5,2 mln. dona mahsulot ishlab chiqaradi. Korxonada 1000 nafar mahalliy yigit-qizlar ish bilan ta’minlandi.
Ushbu loyihalar avvalo hududlarda yetishtirilayotgan paxta tolasini o‘sha yerning o‘zida to‘liq qayta ishlab, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarishni hamda hudud aholisining real daromadlarini hamda eksport salohiyatini oshirilishini nazarda tutadi.
O‘ZTO‘QIMACHILIKSANOAT




